Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, Oʻzbekistonda «Dinamo» jamiyatining birinchi sport seksiya­lari 1926–1927-yillarda Toshkent shahrida ochilgan. Unda dastlab oʻq otish tiri, boks sport zali faoliyat yuritgan. Ayni paytda esa «Dinamo» JTSJ oʻz tarkibida qariyb 116 ming nafar jamiyat aʼzosini, 376 ta jismoniy tarbiya jamoasini birlashtirgan. Bundan tashqari, sport kurashlari boʻyicha ixtisoslash­tirilgan Olim­piya zaxiralari maktabi ham faoliyat yuritib kelmoqda.

Alohida eʼtirof etish kerakki, Armen Bagdasarov, Oʻtkir Haydarov, Muhammadqodir Abdullayev, Sergey Mixaylov, Rustam Saidov, Bahodir Sultonov, Aleksandr Doxturishvili, Artur Taymazov, Vitaliy Smirnov, Abdulla Tangriyev, Rishod Sobirov, Elmurod Tasmuradov, Ixtiyor Navroʻzov, Magomed Ibragimov, Moʻminjon Abdullayev, Rashid Qurbonov, Hasanboy Doʻsmatov, Abdumalik Xalakov, Darya Latisheva, Ilhom Bahromov, Bahodir Jalolov, Shahobiddin Zoi­rov singari dinamo­chi-sportchilar mamlakat terma jamoalari safida Vatanimiz shaʼnini munosib himoya qilgani qalbda faxr tuygʻusini uygʻotadi. Qolaversa, «Dinamo» JTSJ Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarining 10 nafar gʻolibi, 25 nafar sovrindori, Osiyo oʻyinlarining 48 nafar gʻolibi, 82 nafar sovrindori, qitʼa va jahon chempionatlarining 95 nafar gʻolibi, 134 nafar sovrindorini tayyorladi. Birgina 2016-yilda Rio-de-Janeyroda boʻlib oʻtgan yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida 9 nafar dinamochi-sportchi gʻolib va sovrindorlar orasidan oʻrin oldi.

Umuman, oʻtgan davr mobaynida 111 nafar xalqaro toifadagi sport ustasi, 432 nafar sport ustasi, 2205 nafar sport ustasiga nomzod, 4934 nafar birinchi toifadagi sportchi tayyorlandi. 41 nafar sportchi va 12 nafar murabbiy davlat mukofoti va faxriy unvonlar bilan taqdirlandi. «Dinamo» JTSJ 2000, 2004, 2008, 2012-Olimpiada oʻyinlari yakuni boʻyicha erishilgan yutuqlari uchun «Eng yaxshi sport jamiyati» deb eʼtirof etildi.  

2023-yilning 1-iyun kuni oʻtkazilgan «Dinamo» JTSJning navbatdagi XVII konferensiyasida jamiyatning oxirgi besh yillik faoliyati koʻrib chiqildi, rahbar organlar, rais va uning oʻrinbosarlari saylandi. 20-iyun kuni Adliya vazirligi tomonidan «Dinamo» jamiyatining Ustavi roʻyxatga olinib, nomi «Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi «Dinamo» jismoniy tarbiya-sport jamiyati»ga oʻzgartirildi.

Koʻplab sportchi va murabbiylarning erishgan yutuqlari davlatimiz tomonidan yuqori baholanib, munosib taqdirlangani yoshlarga gʻayrat-shijoat bagʻishlamoqda. Jumladan, bokschi Bahodir Jalolov «Mustaqillik», «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari, «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi» faxriy unvoni va boshqa mukofotlar bilan taqdirlangan. Erkin kurashchi Bekzod Abdurahmonov «Shuhrat» medali va «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi» faxriy unvoni, bokschi Tursunoy Rahimova «Jasorat» medali bilan mukofotlangan. Bunday misollarni yana davom ettirish mumkin. 

Nihoyasiga yetgan yilda «Dinamo» jamiyati tashkil etilganining 100 yilligi munosabati bilan Rossiya­ning Qozon shahrida oʻtkazilgan musobaqalarda vakillarimiz ham sambo va jangovar sambo boʻyicha ishtirok etdi. 16 nafar harbiy xizmatchi va xodimdan iborat terma jamoamiz 5 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qoʻlga kiritdi va umumjamoa hisobida uchinchi oʻrinni egalladi. 

Bugungi kunda «Dinamo» JTSJ Respublika kengashi stadionida har kuni ming nafardan ortiq shugʻullanuvchilar yunon-rum kurashi, erkin kurash, ayollar kura­shi, boks, dzyudo, sambo, suzish, qoʻl jangi, ushu, oʻq otish, triatlon boʻyicha shugʻullanib kelmoqda. Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Prezident Davlat xavfsizlik xizmatining xodim va harbiy xizmatchilari ham jismoniy va jangovar tayyorgarligini oshirmoqda. 

Erkinjon QAYUMOV,

 «Dinamo» JTSJ raisi oʻrinbosari.

Sherzod ABDUSAMADOV,

oʻz muxbirimiz.