Aholi bandligini taʼminlash va daromadini oshirishning muhim manbai tomorqachilikni rivojlantirishdir. Mavjud aholi tomorqalari yer maydonlaridan samarali foydalanish maqsadida viloyatning barcha tumanlarida ishlar amalga izchillik bilan oshirildi. Ayniqsa, turmush tarzi ogʻir kechayotgan, pandemiya tufayli qiyin vaziyatda, daromadsiz qolgan oilalarga oʻzlarini tiklab olishlari uchun issiqxona qurib berish tajribasi ommalashdi.

Fikrimizni birgina Peshku tumanida olib borilgan keng qamrovli ishlarga qaratsak. Tumanda ayni vaqtga qadar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar va ulardagi mehnatga layoqatli 102 nafar fuqaroning har biriga 9 million soʻm miqdorida boʻlgan bir sotixli ixcham issiqxonalar qurib berildi. Shuningdek, “Temir daftar”dan oʻrin olgan 16 ta oilaning har biriga “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻi hisobidan, qolaversa, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 2,2 million soʻmdan subsidiyalar va qator imtiyozlar ajratildi. Bundan tashqari, tumandagi 503 nafar fuqaroning xonadonlariga yangi turdagi bir sotixli issiqxonalar qurib berilib, ulardan 430 nafariga issiqxona narxining yarmi, aniqrogʻi, 1 million 650 ming soʻmdan subsidiya sarmoyasi ajratish natijasida imkoniyat yaratib berilgani ham maqsadga muvofiq ish boʻldi. 

Yerga tayoq qadasang koʻkaradigan serhosil zaminimizning qulayliklaridan oʻz vaqtida unumli foydalanishga koʻmaklashish maqsadida tumanda yana bir ezgu tashabbusga qoʻl urildi. Kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalarga davlat tomonidan ajratiladigan subsidiyalar asosida qurilayotgan issiqxonalardan farqli ravishda, tuman hokimligi koʻmagi bilan hech qanday toʻlovlarsiz 1 va 2 sotixli issiqxona qurib berish ishlari amalga oshirilmoqda. Ana shunday imkoniyatdan “Temir daftar”ga kiritilgan 14 ta oila bahramand boʻldi.

Umuman, tumanda ehtiyojmand aholi vakillaridan 605 nafariga xuddi shu tartibda issiqxonalar qurib berilgan boʻlib, ayni kunda ularda pomidor, bodring, kartoshka, piyoz, bulgʻor qalampiri va boshqa mahsulotlar yetishtirish ishlari boshlab yuborilgan. Manzilli roʻyxat asosida mahallalarda bu ishlarni davom ettirish orqali ehtiyojmand oilalarga tomorqasidan foydalanishda koʻmaklashish bilan bir qatorda, ularni kambagʻallikdan chiqarish kabi ezgu maqsadlar koʻzda tutilgan. 

M. AHADOV,

“Postda” muxbiri.

Buxoro viloyati.