Samarqand viloyatida ham ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi YHXB xodimlari bilan birgalikda shaharning markaziy koʻchalarida joylashgan barcha yoʻl-patrul punktlarida avtomobillar maxsus jihozlar yordamida tekshirilib, ulardan atmosferaga chiqayotgan zararli gazlar miqdorini oʻlchash ishlari olib borilmoqda.

Ushbu tadbir davomida transport vositalaridan chiqa­digan gazlarning zaharlilik darajasi, shuningdek, tutun miqdori maxsus jihozlar yordamida aniqlanmoqda. Olingan maʼlumotlar davlat standartlari bilan taqqoslanadi. Belgilangan meʼyorlardan oshib ketgan taqdirda, bunday transport vositalari­ning egalariga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan jarima va boshqa sanksiyalar qoʻllaniladi.

Aksiya doirasida viloyatda soʻnggi 

15 kun davomida 6 754 ta turli rusumdagi yengil va yuk avtomobillari tekshirildi. 95 nafar haydovchi jarimaga tortildi. Maʼlum boʻlishicha, eng koʻp miqdorda ifloslantiruvchi moddalar va zararli tashlanmalar oʻtgan asrning 70-80-yillarida ishlab chiqarilgan yuk mashinalari hissasiga toʻgʻri keladi. 

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi maʼlumot­lariga koʻra, Oʻzbekistonda mavjud qariyb toʻrt millionta avtomobildan 100 mingtasi nosoz. Yil davomida atmosferaga oʻrtacha 1,27 million tonna zararli tashlanmalar chiqariladi, bu umumiy tashlanmalarning 60 foizini tashkil etadi (Toshkent shahrida bu koʻrsatkich 88 foizga teng).

Ekologik meʼyorlarga mos kelmaydigan transport vositalaridan foydalanish undagi kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtincha taqiqlanadi.

Eslatib oʻtamiz, «Toza havo» oyligi har yili havo ifloslanishi darajasini kamaytirish maqsadida oʻtkaziladi.

Zamira BOLTAYEVA, 

oʻz muxbirimiz.

Samarqand viloyati.