Hurmatli yurtdoshlar!
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentining rasmiy sayti (www.iivjied.uz) yangi rukn bilan toʻldirildi. Ushbu sayt orqali tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar va yangiliklardan xabardor boʻlib borish barobarida, toʻgʻridan-toʻgʻri elektron shaklda murojaat qoldirish imkoni yaratildi.
Buning uchun saytdagi “Murojaatlar” rukniga kirib, dastlab murojaat qilish tartibi bilan tanishasiz. Soʻng “Murojaat yuborish” sahifasi orqali oʻzingiz haqingizdagi maʼlumotlarni kiritish bilan birgalikda murojaatingizni qoldirasiz.
Jazoni ijro etish koloniyalarida saqlanayotgan mahkumlar haqida koʻp beriladigan savollar kelib tushgan taqdirda, 3 ish kuni muddatida, boshqa savollar esa 15 ish kuni muddatida koʻrib chiqiladi. Javobni siz murojaatni yuborgan vaqtingizda tizim tomonidan taqdim etiladigan va eslab qolishingiz lozim boʻlgan kodni “Murojaat holatini tekshirish” sahifasiga kirib, maxsus “Murojaat raqami” boʻlimiga kiritish orqali bilib olishingiz mumkin boʻladi.
Shuningdek, jazoni ijro etish tizimi faoliyati bilan bogʻliq masalalar yuzasidan Jazoni ijro etish departamentining 71 291-40-09 yoki 99 808-51-00 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkinligini eslatib oʻtamiz.
Jazoni ijro etish departamenti faoliyati haqidagi maʼlumotlar va yangiliklar bilan www.iivjied.uz saytidan tashqari, facebook (JIED.UZ) va telegram (JIEDUZ) ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarimiz orqali ham xabardor boʻlib boring.
IIV huzuridagi JIED Axborot xizmati
