Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-avgust kunidagi “Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash boʻyicha respublika tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida viloyat ichki ishlar organlarida “Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organlari boshligʻi”, “Eng yaxshi profilaktika inspektori”, “Eng yaxshi tergovchi”, “Eng yaxshi tezkor xodim” yoʻnalishlarida koʻrik-tanlovlar ikki yildan beri oʻtkazib kelinyapti. Bu yil ham qizgʻin va bahslarga boy tarzda tanlovlar oʻtkazildi.
Tanlov asosan uch bosqichda oʻtkazilib, ishtirokchilar sohaviy xizmat, maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalish boʻyicha test sinovlarini topshirdi, shuningdek, jismoniy va jangovar tayyorgarlik boʻyicha ham bahslashishdi. Uchinchi bosqichda hakamlar hayʼati xodimlarning dunyoqarashlari, umumiy bilim hamda koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazdi. Gʻoliblar viloyat IIBda “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida oʻtkazilgan davlatimiz mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri dasturi doirasida boshqarma boshligʻi, polkovnik Sh.Aliyev tomonidan pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalar bilan munosib taqdirlandi.
Tanlovning “Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organlari boshligʻi” nominatsiyasi boʻyicha Qorakoʻl tumani IIB boshligʻi, podpolkovnik Jamshid Rasulov gʻoliblikni qoʻlga kiritgan boʻlsa, ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni Olot tumani IIB boshligʻi, podpolkovnik Jamshid Tangriyev hamda Peshku tumani IIB boshligʻi, podpolkovnik Abduxalil Nosirov egallashdi.
Shuningdek, “Eng yaxshi profilaktika inspektori” nominatsiyasi boʻyicha faxrli birinchi oʻrin Kogon shahar IIB profilaktika inspektori, kapitan B.Hakimovga nasib etdi. Keyingi oʻrinlarni Qorakoʻl tumani IIB profilaktika inspektori, leytenant J.Umarov va Kogon tumani IIB profilaktika inspektori, leytenant A.Muzaffarovlar olishdi. “Eng yaxshi tergovchi” nominatsiyasi boʻyicha viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi, kapitan Sh.Jumayev shohsupaning eng yuqori pogʻonasini qoʻlga kiritdi. Buxoro shahar IIOFMB tergovchisi, katta leytenant L.Toshpoʻlatov ikkinchi oʻrinni, Vobkent tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi katta tergovchisi, kapitan B.Fayzulloyev uchinchi oʻrinni egalladi. “Eng yaxshi tezkor xodim” nominatsiyasi boʻyicha esa faxrli birinchi oʻrinni Gʻijduvon tumani IIB tezkor vakili, katta leytenant H.Mamanazarov, ikkinchi oʻrinni viloyat IIB tezkor vakili, katta leytenant R.Rabbiyev hamda uchinchi oʻrinni Kogon shahar IIB tezkor vakili, katta leytenant S.Rizayevlar band qilishdi.
Koʻrik-tanlovlarning har bir nominatsiyasi boʻyicha respublika bosqichiga yoʻllanma olgan birinchi oʻrin sohiblariga zafar tilandi va oʻz ustilarida yanada ishlash hamda tayyorgarlik koʻrishlari taʼkidlandi. Qisqasi, bu kabi tanlovlar tizimda professional kadrlarni tanlash, oʻqitish va tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi, degan umiddamiz.
Sh.JALOLOV,
podpolkovnik.
M.AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
