Suv – bebaho neʼmat, tiriklik manbayi. Shu bois uning har bir tomchisini tejab-tergab ishlatmogʻimiz bugun har qachongidan-da muhim ahamiyat kasb etib borayotir. Zero, dunyoning turli mintaqalarida toza ichimlik suviga ehtiyojmand insonlar soni tobora koʻpayib borayotgani bizni hushyorlikka undashi lozim.
Soʻnggi yillarda dunyo hamjamiyatini ichimlik suvi bilan bogʻliq vaziyat xavotirga solib kelmoqda. Ekologik beqarorlik, iqlim oʻzgarishi, suv resurslaridan notoʻgʻri foydalanish ichimlik suvi yetishmovchiligiga sabab boʻlyapti. Bu millionlab kishilarning hayotini xavf ostiga qoʻyibgina qolmay, xavfli ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni ham keltirib chiqarishi mumkin.
Xalqaro metereologiya tashkiloti hisob-kitoblariga koʻra, 2050-yilga borib dunyo aholisining 5 milliardi yetarli darajadagi ichimlik suvidan bebahra qolishi mumkin. Hozirgi paytdagi vaziyat ham havas qilarli darajada emas. Bugun Yer yuzidagi 2 milliardga yaqin kishi toza ichimlik suviga muhtoj, 2 milliard 300 milliondan ortiq odam sanitariya talablariga javob bermaydigan obi hayotdan isteʼmol qilishga majbur.
BMT hisobotlariga muvofiq, sifatli ichimlik suvi bilan yetarli taʼminlanmaganlik va oqova suvlari tarmoqlarining ishlamasligi oqibatida har yili dunyoda 780 ming kishi dezinteriya va xolera (vabo)dan vafot etadi. Bu siyosiy nizolar, epidemiyalar va zilzilalar oqibatida halok boʻlganlar sonidan ham koʻp. Shuningdek, har yili dunyoda toza ichimlik suvi yetishmasligi oqibatida besh yoshdan kichik boʻlgan 361 ming bola diareya oqibatida dunyodan bevaqt koʻz yumadi...
Suv tabiatda uch xil koʻrinishga ega. Yaʼni, qattiq (muz), suyuq va gaz holatida. Yer yuzida ekologik toza suv atigi 3 foizni tashkil etadi.
Inson tanasining taxminan 60 foizi, chaqaloq tanasining 75 foizi suvdan iborat. Inson 60 yillik umri mobaynida taxminan 50 tonna suv isteʼmol qiladi.
Tanamizdagi suv miqdori atigi 2 foizga qisqarsa, aqliy imkoniyatlarimiz 20 foizga kamayadi.
Quduq suvi dunyoda eng koʻp foydali moddalarni oʻzida jamlagan suv hisoblanadi. Inson bunday aralashmani oʻzi tayyorlay olmaydi.
Biz shunchaki koʻz yugurtirib oʻqib ketayotgan bu raqamlar ortida qanchadan-qancha koʻzyoshlar, faryodlar, davosiz alam va iztiroblar yotibdi. Bu raqamlar har birimiz tabiatning bebaho neʼmati boʻlgan obi hayotdan tejamkorona, oqilona foydalanishga undaydi.
Bizdagi asosiy muammolardan biri suvni qay tarzda ishlatishimiz bilan bogʻliq. Negaki, bugun dunyoning juda koʻp mamlakatlarida millionlab odamlar toza ichimlik suviga tashna boʻlgan bir paytda, biz suvni joʻmraklardan oqizib qoʻyyapmiz. Ichimlik suvi bilan ekinlarimizni sugʻoramiz, mashinamizni yuvamiz, suvni hovlilarimizga, koʻchalarimizga istaganimizcha sepamiz. Suvni belgilangan meʼyoridan koʻp ishlatilishi oddiy holga aylangan.
Mutaxassislarning fikricha, artizian qudugʻidan 20 daqiqa oqqan suv sarfi evaziga, tomchilatib sugʻorish yoʻli bilan 8,4 tonna bugʻdoy yoki 15 tonna kartoshka yetishtirish mumkin ekan. Shunday ekan, ichimlik suvini bugundan qadrlab, bu borada samarali chora-tadbirlar belgilab olishimiz lozim. Yaʼni, ertangi farovonlik yerosti suvlaridan unumli foydalanishga bogʻliq ekanini aslo yoddan chiqarmasligimiz kerak.
– Suvni tejash eng ogʻriqli muammolarimizdan biri, – deydi poytaxtimizning Chilonzor tumanida yashovchi 75 yoshli otaxon Tohir Usmonov. – Oldinlari biz mashinamizni oʻzimiz bir yoki ikki chelak suv bilan yuvardik. Shu bahona badantarbiya qilib, tanimiz ham tetiklashardi, ruhan yengil tortardik. Bugun 20 yoshning nari-berisida boʻlgan yoshlar ham ikki qoʻlini choʻntagiga solib mashina yuvish shoxobchasida ulovini yuvdirayotgani oddiy holga aylandi. Men bu holni toʻliq qoralashdan yiroqman. Albatta, kimdir shoshilinchda, yana biri boshqa sababga koʻra mashinasini yuvdirar. Ammo bu holat ommaviy tus olayotgani xatarli.
Maʼlumotlarga tayanadigan boʻlsak, avtomashina 15 daqiqa davomida rezina shlang bilan yuvilganida taxminan 120 litrdan koʻproq chuchuk suv sarflanadi. Xuddi shu ishni chelak yordamida amalga oshirganda esa 80 litrgacha suvni tejab qolish mumkin. Deylik, kirlarni yuvish uchun bir haftada 1000 litrdan koʻproq suv sarflanadi. Yuz-qoʻl va idishlarni yuvishda joʻmrakning doimiy ochiq turish holatida ham haftasiga yana shuncha suv sarf boʻladi.
«Oʻzsuvtaʼminot» AJ maʼlumotlariga koʻra, markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan aholi punktlarida, sanoat korxonalari va boshqa isteʼmolchilarni chiqarib tashlaganda, respublika boʻyicha kunlik bir kishiga isteʼmol oʻrtacha 99,2 litrga toʻgʻri keladi. Shuningdek, respublikaning olis hududlarida joylashgan va markazlashgan suv taʼminotiga ega boʻlmagan aholi punktlariga ichimlik suvi hududiy suv taʼminoti tashkilotlariga tegishli 220 ta, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli 1701 ta maxsus texnika vositalari yordamida yetkazib beriladi.
Muqaddas dinimiz taʼlimotida ham suvni isrof qilmaslik borasida soʻz yuritiladi. Zero, isrofgarchilikdan qaytarish sharqona tarbiyamizning ham asosini tashkil etadi.
Xulosa oʻrnida aytish lozimki, suvdan foydalanish madaniyatini, avvalo, oilada, qolaversa, bogʻcha, maktab, oliy taʼlim dargohlarida oʻrgatish kerak. Zarur boʻlsa, bu boʻyicha oʻquv qoʻllanmalari, darsliklar, videoroliklarni yanada koʻpaytirish lozim. Eng asosiysi, bu xayrli ishga bugundanoq qoʻl urmoq zarur. Aks holda, ertaga kech boʻladi.
Sherzod ABDUSAMADOV,
oʻz muxbirimiz.
