Kasb fidoyisi

 Har bir osoyishtalik posbonining faoliyati uning yurt tinchligiga qoʻshgan hissasiyu kasbiga boʻlgan sadoqati bilan baholanadi. Shuningdek, har bir xodim oʻz xizmatini halollik, yaxshilik bilan boyitib borsa, bilingki, u chindan ham shu sohaning haqiqiy jonkuyari boʻladi. Romitan tumani IIB JXX Probatsiya guruhi inspektori, katta leytenant Azamat Akramov ana shunday fidoyi xodim. 

 – Azamatjon ancha tajribali xodimlarimizdan, – deydi viloyat IIB JXX Probatsiya boʻlimi boshligʻi, mayor Baxtiyor Xudoyberdiyev. – Kasb sirlarini mukammal oʻrganib, oʻz ustida muntazam ishlayapti. Xususan, oʻtgan yil davomida Probatsiya guruhi hisobida turgan shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir qilishiga yoʻl qoʻymadi, ijtimoiy moslashtirish yoʻnalishi boʻyicha oʻndan ortiq nazorat ostidagi shaxslarni qayta kasbga oʻqitishga bosh-qosh boʻldi. Axloqiy tuzatish ishlari jazosini oʻtayotgan shaxslarning bandligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshdi. Shu bois kuni kecha xizmatlari IIV tomonidan eʼtirof etildi. Yaʼni, uning otasi Anvar Avezovga Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullayevning minnatdorlik xati va esdalik sovgʻalari topshirildi.  

Mirzoqul AHADOV,

oʻz muxbirimiz.

Buxoro viloyati.