Kasb fidoyisi

Yaqinda Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan sohada samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh xodimalar munosib taqdirlandi. Ular orasida viloyat IIB moliyaviy taʼminot xizmati hisobchisi, serjant Munisxon Sadikova ham "Aʼlo xizmatlari uchun" koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Munisxon 1977 yilda Namangan shahrida ziyoli oilasida tugʻilgan. 1995 yilda maktabni tamomlab, viloyat Iibning moliya-iqtisod boʻlimiga erkin yollangan xodim sifatida ishga qabul qilingan. Besh yil davomida oʻziga yuklatilgan topshiriqlarni sidqidildan bajardi. Ish hujjatlarini yuritishda shoshma-shosharlikka yoʻl qoʻymadi. Natijada u 2000 yilda ichki ishlar organlari safiga safdor xodim sifatida qabul qilinib, serjant unvoniga ega boʻldi. Shundan soʻng Davlatobod yengil sanoat texnikumining moliya-iqtisodchi yoʻnalishida sirtdan tahsil olib, bilimlarini mustahkamladi.

Mana oʻshandan buyon sohada namunali faoliyat olib bormoqda. Qahramonimiz avval ham Ichki ishlar vazirligi tomonidan faxriy yorliq, “Ichki ishlar vazirligining 30 yilligi”, II darajali “Benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan.

– Eʼtibor va ragʻbat kuchingga kuch qoʻshadi, – deydi Munisxon. – Kamtarona mehnatlarim eʼtirof etilganidan xursandman. Ichki ishlar vazirligining "Aʼlo xizmatlari uchun" koʻkrak nishoni nafaqat menga, balki butun jamoamizga boʻlgan katta ishonch natijasi deb bilaman. Chunki inson nimaga erishsa, unda hamkasblari va yaqinlarining ham hissasi katta boʻladi...

 Gulchehra BUVAMIRZAYEVA,

oʻz muxbirimiz.

Namangan viloyati.