Respublika ishchi guruhi Fargʻona viloyatida oʻrganishlar olib bordi. Ishchi guruh Qoʻqon shahar Ichki ishlar boshqarmasida boʻlib, tezkor vaziyatlar va tahlil markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Boshqarma rahbariyati va xodimlar bilan oʻtkazilgan muloqotda markaz faoliyatini yanada takomillashtirish, shaharda jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga qaratilgan tezkor profilaktik tadbirlarni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Bagʻdod tumanidagi “Guliston” mahalla fuqarolar yigʻini hududida olib borilgan oʻrganishlar ham juda sermahsul kechdi. Ishchi guruh tuman hokimligi vakillari, sektor rahbarlari, mahalla faollari va aholi bilan muloqot qilish jarayonida yoshlarning bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka yoʻnaltirish, parrandachilikni rivojlantirish, kommunal sohadagi muammolarni tizimli bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar berishdi.
Shuningdek, profilaktika inspektori, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari faoliyati ham oʻrganildi. Mahalla hududida yoshlar tomonidan barpo etilgan issiqxona majmuasini, mebelʼ yasash sexini koʻzdan kechirishdi.
Keyingi manzil Rishton tumanidagi Toʻxtasin Ahmedov nomidagi mahalla fuqarolar yigʻini boʻldi. Bu yerda oʻtkazilgan oʻrganishlar chogʻida asosiy eʼtibor yoshlar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi bandligini taʼminlash masalasiga qaratildi.
Ishchi guruhi aʼzolari Oltiariq tumanidagi uchinchi sektor hududida amalga oshirilayotgan ishlarni ham oʻrganishdi.
Shuningdek, Fargʻona shahri hududida barpo etilayotgan 300 gektarlik «Yangi Oʻzbekiston bogʻi» loyihasi bilan tanishib, u yerda amalga oshirilayotgan ishlarni koʻzdan kechirdilar.
Aytish kerakki, respublika boʻyicha kriminogen vaziyat ogʻir hisoblangan 830 ta mahallaning 89 tasi Fargʻona viloyatida joylashgan. Shu bois viloyatdagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilikni jilovlash, aholi murojaatlari bilan ishlash, xizmat intizomiga rioya etilishi hamda yoʻllarda xavfsiz harakatlanishni taʼminlash maqsadida maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar olib borildi.
Tadbirlar davomida 51 ta jinoiy va 98 ta maʼmuriy huquqbuzarlik holatlari aniqlandi. Qidiruvda boʻlgan 14 nafar shaxs ushlandi, ilgari sodir etilib ochilmasdan qolayotgan 42 ta jinoyat fosh etildi.
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalari «oʻchoq»larini aniqlash va yoʻllardagi vaziyatni yaxshilashga qaratilgan maxsus profilaktik tadbirlar davomida 2817 ta umumiy hamda 928 ta qoʻpol qoidabuzish holatlari aniqlandi.
Oʻrganishlar yakuni boʻyicha Prezident maslahatchisi hamda vazir oʻrinbosari ishtirokida yigʻilish oʻtkazilib, mavjud muammolarni zudlik bilan bartaraf etish, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, sektorlar faoliyatini yanada yaxshilashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilab olindi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
