Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari polkovnik Najmiddin Turaxodjayev ishtirokida joriy yilning 6 oyi davomida Samarqand viloyatida jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Muhokama karantin talablariga rioya qilingan holda videoselektor koʻrinishida oʻtkazildi. Unda boshqarma boshligʻining oʻrinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, shahar-tuman IIB boshliqlari hamda ularning oʻrinbosarlari ishtirok etdi.
Yigʻilishni boshqarma boshligʻi ochib berdi. Dastlab, boshqarma boshligʻining birinchi oʻrinbosari polkovnik S.Abduxomidovning hisoboti tinglanib, viloyat hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatni oshishiga sharoit yaratib bergan omillar hamda bu borada ichki ishlar boʻlimlari va sohaviy xizmatlarning faoliyatlari tahlil qilindi. Xususan, Samarqand shahar, Kattaqoʻrgʻon, Nurobod, Urgut, Jomboy, Pastdargʻom tumanlarida qotillik, badanga ogʻir tan jarohati yetkazish jinoyatlari, yoʻl transport hodisalari oshganligi taʼkidlanib, ushbu holatlarning oldini olishda profilaktik ishlar yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmaganligi atroflicha muhokama etildi.
Shuningdek, boshqarma boshligʻining oʻrinbosarlari, Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi, Patrul-post va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi, Jinoyat-qidiruv boshqarmasi boshliqlarining hisobotlari ham tinglandi.
Tadbirda ayrim rahbarlarning faoliyati tanqidiy muhokama etildi. Xizmatda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklari uchun bir qator rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanildi. Jinoyatchilikni oldini olish, barvaqt aniqlash va ularni jilovlash borasida yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish chora-tadbirlari belgilab olindi.
Yigʻilish soʻngida, Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari polkovnik Najmiddin Turaxodjayev soha xodimlariga berilgan vazifa va topshiriqlarni vijdonan bajarishga, fuqarolar xavfsizligi hamda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda tamomila yangicha tizim asosida ish tashkil etish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berib oʻtdi.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati.
