Oylik boshlanishi munosabati rejalashtirilayotgan targʻibot-tashviqot tadbirlari toʻgʻrisida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida matbuot anjumani tashkil etildi. Viloyat hokimligi va IIB rahbariyati, IIV Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi masʼul xodimlari hamda jurnalistlar ishtirokida oʻtkazilgan anjumanda dastlab oylikni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad haqida maʼlumot berildi. Mutasaddi rahbarlarning qayd etishicha, oylikni samarali tashkil etish va bajariladigan ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha viloyat, shahar va tumanlarda ishchi-guruhlar tuzildi.
Tashkil etiladigan tadbirlarda fuqarolarda internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyatini shakllantirish, elektron toʻlov vositalaridan xavfsiz foydalanish, shaxsga doir maʼlumotlarni ishonchli himoya qilish va ulardan noqonuniy foydalanishga yoʻl qoʻymaslik, tovlamachilik, kiberzoʻravonlik kabi qilmishlar sodir etishning oldini olish, taqiqlangan kontentlarga qarshi ”raqamli immunitet”ni shakllantirish kabi yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratiladi.
Taniqli sanʼatkorlar, soʻz ustalari, qiziqchi va madaniyat xodimlari oʻzlari istiqomat qiladigan hududlarga biriktirilib, ular tomonidan “Mobil targʻibot guruh”lari va koʻngilli asosda jalb etilgan yoshlar jamoasi bilan hamkorlikda targʻibot tadbirlari oʻtkaziladi. Har shanba kuni Fargʻona shahrida “Ochiq osmon ostida” tamoyili asosida yoshlar uchun kontsert dasturlari tashkil etilib, ushbu jarayonda ham kiberjinoyatlardan ogohlantirish va targʻibot materiallarini tarqatishga eʼtibor qaratiladi.
Oylikni yanada samarali oʻtkazish maqsadida mahallalar, faol yoshlar, axborot texnologiyalari mutaxassislari, jurnalist hamda blogerlar oʻrtasida maxsus tanlovlar ham tashkil etiladi. Axborot texnologiyalari mutaxassislari, havaskor yoshlar ishtirokida kiberjinoyatlarning oldini olishga qaratilgan taʼsirli chellenjlar suratga olinadi va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqatiladi.
Tashkilotchilar shular haqida maʼlumot berish bilan birga, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga ham atroflicha javob qaytarishdi. Shuningdek, anjuman davomida olimlar, diniy soha vakillari hamda taniqli sanʼat namoyandalarining mavzuga oid fikr-mulohozalari ham tinglandi.
Abduvosit SIDIQOV,
Oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
