Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, general-mayor Davron Nazarmuxamedov Toshkent shahar Iibbda poytaxtimizdagi ichki ishlar faxriylari bilan ochiq muloqot tarzida uchrashuv oʻtkazdi.

Unda Toshkent shahar IIBB boshligʻi, general-mayor Aziz Toshpoʻlatov, ichki ishlar vazirining maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov, bosh boshqarma boshligʻining oʻrinbosarlari, boshqarma boshliqlari va ularning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari ham ishtirok etdi. Yigʻilishda vazir oʻrinbosari mamlakatimizda keksalarga, jumladan, soha faxriylariga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrliklar haqida soʻz yuritdi. Jumladan, oktyabr oyining boshida uyushtirilgan “Keksalar haftaligi” doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda “Noyabr — keksalar uchun turizm oyligi” davomida amalga oshiriladigan ishlar bilan tanishtirib oʻtdi. Shuningdek, ichki ishlar organlari faxriylar kengashlarining faoliyati, xususan, joriy qilingan ilgʻor tajribalar yuzasidan fikr almashildi.

Oʻz navbatida Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi faxriylar kengashi masʼullarining joriy yildagi hisoboti tinglandi. Shundan soʻng faxriylarning fikr va takliflari eshitildi.

Ushbu jarayonda faxriylarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va sanatoriylarga yoʻllanmalarni koʻpaytirish kabi bir qator masalalar koʻtarildi.

Shuningdek, ustoz va shogird anʼanasini kuchaytirish, faxriylarning hayotiy tajribasi va bilimlaridan ichki ishlar organlari va mahalla fuqarolar yigʻinlari faoliyatida keng foydalanish boʻyicha takliflar bildirildi. Tadbir yakunida faxriylar uchun bayram dasturxoni yozildi.

Oʻz muxbirimiz.

Toshkent shahri.