Sirdaryo viloyati IIB hamda Dxxning viloyat boʻyicha boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan giyohvandlik moddasi savdosi bilan shugʻullangan guruh faoliyatiga barham berildi.

Tezkor tadbir davomida Sayxunobod tumani «Oʻrikzor» mahallasida joylashgan «Sayxun» blok postida «Spark» rusumli avtomobil toʻxtatilgan. 1993 yilda tugʻilgan, Qoʻqon shahrida yashovchi Z.SH. boshqaruvidagi avtomobil koʻzdan kechirilganda, oʻrindiq tagidan tsellofan paketga solingan 16 dona «Tropikamid», 82 dona «Regapen» va 8 dona «Selofen» nomli tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi modda boʻlgan dori vositalari topildi. Avtomashina salonidan elektron tarozi va 0,93 gramm gashish giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi. Haydovchining choʻntagida jami 90 gramm gashish moddasi borligi aniqlandi.

Z.SH. ushbu dori vositalarini Sirdaryo tumanida yashovchi tanishi D.Z. va uning jinoiy sheriklarining buyurtmasiga asosan olib kelayotganligini aytgan. Uning koʻrsatmasi asosida oʻtkazilgan tadbir davomida fuqaro D.Z. Sayxunobod tumani «Oʻzbekiston» mahallasida «Neksiya» rusumli avtomobilda oʻtirgan paytida ushlangan. Uning yonida 1,66 gramm boʻlgan gashish, sumkasida 15 dona dori vositasi, 1,90 gramm gashish giyohvandlik vositasiga oʻxshash modda borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Abdurahmon MUSTAFOQULOV, 

“Postda” muxbiri.

 Sirdaryo viloyati.