Yangi yil oqshomidagi voqea
Yangi yil oqshomida Qorbobo bilan Qorqiz Bogʻishamol qishlogʻidagi xonadonlarni aylanib, kichkintoylarga bayram sovgʻasi ulashardi. Kutilmaganda ular mol yetaklab kelayotgan yigitga duch kelib qolishdi.
– Bayramingiz muborak boʻlsin! – dedi Qorbobo yigit bilan salomlasharkan. – Yangi yil kechasi molni qayoqqa olib borayapsiz?
Qorboboning savolidan oʻzini yoʻqotib qoʻygan yigit biroz kalavlanib turdi-da:
– Sotib oldim, – dedi va hayajonini yashirolmay gapida davom etdi. – Shu paytgacha zotdor sigirga duch kelmagandik. Yaxshiyam-ki, harbiyda xizmat qilgan ogʻaynim bor ekan. Qoʻshnisining sotmoqchi boʻlib qoʻygan sigirini savdolasha-savdolasha arzongina menga olib berdi. Sigirni xotinimga bayram sovgʻasi sifatida olib ketyapman.
Yoshgina yigitning gaplarini diqqat bilan tinglagan Qorbobo undan shubhalansa-da, sir boy bermay u bilan xayrlashib, tezda profilaktika inspektoriga xabar berdi. U zudlik bilan yordamchisi olib tungi “mehmon”ga peshvoz chiqdi. Xizmat kiyimidagi osoyishtalik posbonlariga koʻzi tushgan yigit esankirab qoldi.
– Qayoqqa shoshyapsiz? – soʻradi profilaktika inspektori.
– Uyga, – dedi yigit atrofga olazarak koʻz tashlarkan. – Xotinimga sigir sotib olgandim.
– Axir bu hoʻkiz-ku! – “qah-qa-ha” otib kulib yubordi profilaktika inspektori.
Kesilgan arqonni ushlab turgan yigit hayron boʻlganicha hoʻkizga qaradi va siri fosh boʻlganini bilib qocha boshladi.
Abjir va chaqqon osoyishtalik posbonlari tungi “mehmon”ni shu zahoti qoʻlga olishib, ichki ishlar boʻlimiga olib kelishdi. Aybini tan olmayotgan yigitga diqqat bilan razm solgan profilaktika inspektori oʻzini tutib turolmay yana kulib yubordi. Chunki, sigir oʻrniga hoʻkiz yetaklab ketayotgan oʻgʻri hodisa joyida oyoq kiyimi izini qoldirmaslik uchun tuflisining ustidan paypoq kiyib olgandi.
Ertasiga ichki ishlar boʻlimi rahbariyati jinoyatchini qoʻlga olishdagi begʻaraz yordami uchun hushyor Qorboboga minnatdorlik bildirdi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
