Toshkent shahar IIBBda Rossiya federatsiyasi IIVning Moskva shahri boʻyicha Bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari politsiya general-mayori Sergey Ukolov boshchiligidagi delegatsiya bilan rasmiy uchrashuv oʻtkazildi. Uchrashuv doirasida mehmonlar mamlakatimiz ichki ishlar organlari, xususan, Toshkent shahar IIBB shaxsiy tarkibiga xizmat oʻtashlari uchun yaratilgan shart-sharoit, kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish, jangovor tayyorgarligi kabi masalalar borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirilib, oʻzaro fikr almashildi. Sohaviy xizmatlar faoliyati bilan yaqindan tanishgan mehmonlar uchrashuv soʻngida oʻzaro hamkorlik istiqbollarini muhokama etishdi hamda har ikki tomon xodimlari oʻrtasida muntazam ravishda seminar-trening, videokonferensiyalar oʻtkazib borish toʻgʻrisida kelishib olindi.

Bundan tashqari, delegatsiya aʼzolari IIV Akademiyasi, Ixtisoslashtirilgan maktab internati, “Jar” sport majmuasi va Toshkent viloyati IIBB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi faoliyati bilan tanishtirildi.

Oʻz muxbirimiz.

Toshkent shahri.