Soʻnggi yillarda davlat idoralari rahbarlarining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishga qaratilgan faoliyati sezilarli darajada ortib bormoqda. Ayniqsa, sayyor qabullar, uyma-uy yurishlar, ehtiyojmandlarga koʻrsatilayotgan turli koʻrinishdagi koʻmaklar xalq dardiga darmon boʻlyapti. Shu maqsadda Buxoro viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Sh. Aliev viloyat hokimi hamda Xalq qabulxonasi tomonidan tasdiqlangan reja asosida shahar va tumanlarda sayyor qabullar oʻtkazib kelyapti.

Yaqinda polkovnik Shuhrat Aliev navbatdagi sayyor qabulini Romitan tumani uchinchi sektoriga qarashli Attaron mahallasida oʻtkazdi. Tadbir avvalida ishchi guruh aʼzolari tomonidan mahallada oʻrganishlar olib borildi. Oʻrganishlar jarayonida elektr energiyasi, gaz va ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq muammolar hamda ichki yoʻllar holati koʻzdan kechirildi. Aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar belgilanib, amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Shundan soʻng masʼullar tomonidan oʻndan ortiq mahalla fuqarolari va faollari bildirgan ijtimoiy-iqtisodiy hamda turli masalalardagi murojaatlari koʻrib chiqildi. Murojaatlarning toʻqqiztasi joyida bartaraf etilib, mahallada “sohabay”, “mahallabay” va “fuqarobay” ish samaradorligini oshirish, aniqlangan ijtimoiy masalalarni bartaraf etish yuzasidan sektor rahbarlari va tegishli idoralar masʼullariga tavsiyalar berildi. Ish yurituviga olingan, qoʻshimcha tekshirish va muddat talab qiladigan murojaatlarning ijrosi alohida nazoratga olinib, mutasaddilarga bajarish muddatlari aniq qilib koʻrsatildi. Quyi Mirishkor va Tagʻori qishloqlarining 700 m. ichki yoʻllariga shagʻal yotqizilib, hudud aholisiga suyultrilgan gaz balonlari yetkazib berildi. Ayni paytda mahalla koʻchalari yoʻllarini shagʻallashtirish ishlari davom ettirilmoqda.

Bundan tashqari, mahalla aholisiga yakka tartibda mehnat faoliyatini olib borish uchun issiqxona qurish, imtiyozli kredit ajratish, dehqonchilik bilan shugʻullanishi uchun boʻsh tomorqa yeri ajratilishi hamda xastaligi boʻlgan fuqarolarga dori-darmon olishi uchun moddiy yordam va koʻmir bilan taʼminlashda amaliy yordam koʻrsatildi. Sayyor qabul soʻnggida boshqarma boshligʻi tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurash borasida mahalla aholisi ogohlikka chaqirilib, firibgarlik qurboniga aylanib qolmaslik, oʻgʻrilik, tan jarohati hamda oila-turmush munosabatlari doirasidagi jinoyatlarning oldini olish borasida aniq misollar orqali huquqiy tushunchalar berildi.

Gʻulom QORBOSTIEV,

podpolkovnik.

Buxoro viloyati.