Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshidagi Harbiy-vatanparvarlik kengashi tashabbusi bilan “Ommaviy axborot vositalarida harbiy sohaga oid islohotlarni yoritishning oʻziga xos jihatlari” mavzusida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda kengash aʼzolari, Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklarining axborot xizmatiga masʼul xodimlari hamda harbiy sohani yoritishga ixtisoslashgan jurnalistlar ishtirok etdi.
Yigʻilishda Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, Harbiy-vatanparvarlik kengashi raisi, “Vatanparvar” birlashgan tahririyati bosh muharriri, podpolkovnik Ahror Ochilov, OʻzJOKU kafedra mudiri, dosent, isteʼfodagi polkovnik Alijon Safarov va boshqa soʻzga chiqqanlar Prezidentimiz – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni imzolagan harbiy sohaga oid farmon va qarorlar ijrosini taʼminlash, xalq va armiya oʻrtasida sifatli muloqotni yoʻlga qoʻyish, harbiy islohotlar haqida xolis va toʻliq axborot yetkazish, milliy armiyamiz faoliyati hamda shaffofligini taʼminlash, shuningdek, buyuk ajdodlarimiz haqida yoshlarni xabardor qilish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalariga alohida toʻxtalib oʻtdi. Bundan tashqari, harbiy jurnalistika sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha takliflar, mulohazalar oʻrtaga tashlandi.
Yigʻilishda, shuningdek, “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi faoliyati haqida ham yigʻilganlarga atroflicha maʼlumot berildi.
Tadbir yakunida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldilar.
Sherzod ABDUSAMADOV,
oʻz muxbirimiz.
Jasurbek RAHMATOV olgan suratlar.