Yuksak mukofot sohiblari
Baʼzan hayotimizda qaltis vaziyatlarga duch kelamiz. Bunday holatlarga koʻnikmaganimiz uchun ichimizda qandaydir qoʻrquv, hadik paydo boʻladi. Kimdir oʻzini qoʻlga olib, vaziyatdan chiqib keta oladi, kimdir esa yoʻq. Podpolkovnik Sobir Imomov esa xizmat jarayonida bunday vaziyatlarga tez-tez duch kelsa-da, uni hech qanday qoʻrquv ham, hadik ham bezovta qilmaydi. Negaki, qahramonimizning yuragida Vatanni, vatandoshlarni asrash, kasbiga sadoqat va ishonchni oqlash kabi yuksak tuygʻular yashaydi.
Ichki ishlar vazirligining Surxondaryo viloyati boʻyicha maxsus otryadi bosh mutaxassisi – guruh komandiri Sobir Imomov jasur va fidoyi xodimlardan biri.
– Bizning ishda tavakkal qilib boʻlmaydi. Hamma narsani aniq hisob-kitob bilan amalga oshirish kerak, – deydi podpolkovnik Sobir Imomov. – Aks holda, kishi oʻzining ham, atrofidagilarning ham hayotini xavf ostiga qoʻyishi mumkin. Baʼzan zararsizlantirish vaqtida sovuq ter chiqqan paytlar ham boʻlgan. Biroq mashgʻulotlar davomida qoʻrquvni yengishga koʻproq eʼtibor qaratilgani bois bu tuygʻu begonalashib ketadi. Chunki qoʻrqqan odam bir lahzada hamma narsani yodidan chiqaradi va vazifani uddalay olmaydi. Qarabsizki, bildirilgan ishonch poymol boʻladi. Kasbimizning eng nozik nuqtasi ham ana shu yerda.
Qahramonimiz qatʼiyatliligi bilan kasbdoshlari oldida hurmat qozongan. Oʻzi ham bir soʻzli, vaʼdasidan tonmaydigan insonlarni qattiq hurmat qilgani holda shu aqidaga amal qilib yashaydi.
Sobir Imomov jonkuyar ota sifatida voyaga yetkazayotgan 2 nafar oʻgʻlining tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratadi. Ularning yurt koriga yaraydigan mard oʻgʻlonlar boʻlib yetishishini xohlaydi.
Samarqand oliy harbiy avtomobil qoʻmondonligi va muhandisligi bilim yurtini tamomlagan Sobir Imomov oʻn yillik faoliyati davomida koʻplab operatsiyalarni muvaffaqiyatli yakunlagan va bugun ham vazifasiga sodiq. Ana shu sodiqlik, fidoyilik, tinchlikni taʼminlashdek sharafli burchni bajarish chogʻidagi mardlik yaqinda yuksak darajada mukofotlandi. Sobir Imomov Oʻzbekiston mustaqilligining 31 yilligi arafasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan «Jasorat» medali bilan taqdirlandi.
Botir oʻgʻlonlar elning chinakam tayanchi, suyangan togʻi boʻladi. Podpolkovnik Sobir Imomov ham shunday suyanchiqqa yaraydigan, odamlar xavfsizligi uchun koʻksini qalqon qilgan mard oʻgʻlondir. Shuning uchun ham u xavfdan choʻchimaydi. Bunday insonlarning joni hamisha omonda boʻladi.
Feruza RAHMONQULOVA,
«Postda» muxbiri.
Surxondaryo viloyati.
