Nukus shahridagi yirik savdo markazlaridan biri boʻlgan «Korzinka» ga kirgan Maftuna Saliyeva (ism–familiya oʻzgartirilgan) ancha payt doʻkonlarni aylanib yurdi. Ichkaridagi biri-biridan koʻrkam boʻlgan narsalar kishi koʻngliga zavq bagʻishlardi.
Ayniqsa, doʻkonlardan biridagi chiroyli ayollar yubkasi juda eʼtiborini tortib, uni olishni juda xohladi. Sotuvchidan bahosini ham soʻradi. Ancha qimmat ekan. Qoʻliga ushlab u yoq-bu yogʻini koʻrayotganida koʻngliga yomon xayol oʻraladi, «doʻkonda xaridor koʻp–ku, sotuvchiga bildirmay olib ketsamchi»? Shu turishida atrofiga qarab vaziyatni kuzatishni boshladi.
Xaridorlardan biri bilan savdolashayotgani uchun eʼtibori chalgʻigan sotuvchini koʻrib, yubkani bildirmasdan sekin sumkasiga soldi-yu, doʻkondan chiqib ketdi. Maftuna bu xatti-harakatatini hech kim sezmay qoldi deb oʻylagan edi... Ammo, u doʻkon ichidagi videokamera bor ekanligini bilmasdi.
Doʻkon sotuvchisining murojaatiga koʻra ichki ishlar xodimlari tomonidan oʻgʻrini qidiruv ishlari olib borilib, PPX xodimlari katta serjant A.Jannazarov va safdor YU.Bekbolsinovlar tomonidan M.Saliyeva koʻp vaqt oʻtmay qoʻlga olindi va shahar IIB boʻlimiga topshirildi.
Azamat PIRNIYAZOV,
«Postda» muxbiri.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi.
