Buxoro viloyatida tuproq eroziyasidan saqlaydigan oʻrmonlar sifatini yaxshilashga alohida eʼtibor berilmoqda. Ayniqsa, viloyat boʻyicha 376,3 ming gektar saksovulzorlarni saqlashga qaratilgan keng qamrovli amaliy ishlar olib borilmoqda.
Viloyatning chekka hududlaridagi oʻrmonlarda saksovul oʻsimligini gʻayriqonuniy ravishda kesish va ularga shikast yetkazish holatlari davom etayotganligi juda achinarli hol. Joriy yilning avgust oyida Davlat rahbari raisligida oʻtkazilgan selektor yigʻilishida tanqidiy muhokama qilinib, nazoratni kuchaytirish va huquqbuzarlarga nisbatan keskin choralar koʻrish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shunday boʻlishiga qaramay, 26 avgust kuni viloyat oʻrmon xoʻjaligi xodimlari tomonidan Romitan va Peshku tumanlari choʻl hududlarida saksovul oʻsimligini sotish uchun qonunga xilof ravishda kesib, nobud qilayotgan bir guruh shaxslarning faoliyatiga chek qoʻyildi. Tadbir davomida huquqbuzarlar Peshku tumani fuqarolari I.H. va X.H.lar davlat hokimiyati vakillariga faol qarshilik koʻrsatib, tan jarohati yetkazib, xizmat avtomashinasini yaroqsiz holatga keltirishdi.
Mazkur holat yuzasidan I.H. va X.H.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, jinoyat ishlari boʻyicha Peshku tuman sudining ajrimiga asosan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Hozirgi kunda jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan tezkor profilaktik tadbirlar izchillik bilan olib borilmoqda.
M. AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
