25 oktabr — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari xodimlari kuni

Poʻlat BOBOJONOV,

Oʻzbekiston Respublikasi 

ichki ishlar vaziri,

general-leytenant


Har bir inson uchun oʻz hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkini turli xavf-xatarlardan ishonchli himoya qilish juda muhim masalalardan biridir. Shu bois, mamlakatimizda fuqarolarning salomatligi va xavfsizligini taʼminlash borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Bunda asosiy eʼtibor ichki ishlar organlarini xalq manfaatlariga xizmat qiladigan tizimga aylantirishga qaratildi.

Tan olish kerak, avvallari ichki ishlar organlari tizimida salbiy amaliyot sifatida jinoyatchilikning oldini olish emas, balki uning oqibati bilan kurashish, pastdagi muammoni oʻrganmasdan, tepadan buyruq kutish, fuqarolarni qiynayotgan masalalarni bilmaslik holatlari mavjud edi. Bunday ahvol koʻpchilikning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlardi.

Yaqin yillar ichida esa Oʻzbekistonning barcha davlat idoralari kabi ichki ishlar organlarida ham rahbarlar tomonidan fuqarolar bilan muloqot oʻtkazish, jinoyatlarni mahallalarning oʻzida muhokama qilish, eng chekka hududlarga borib, aholining dardini eshitish, muammolarini oʻrganish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Birinchi navbatda, ichki ishlar organlarining 85 foiz xodimi quyi tizimga tushirildi va xalqqa yaqinlashtirildi. 

Har bir mahallaga profilaktika inspektori ajratilib, ularning soni 5,5 mingdan 10 ming nafargacha oshirildi. Inspektorlar oʻz hududida uzluksiz xizmatni tashkil etishi uchun ularga xizmat uylari qurib berildi, shaxsiy avtomashina xarid qilishi uchun imtiyozli kreditlar ajratildi.

Bugungi kunda har bir profilaktika inspektori mahalla raisining huquq-tartibot boʻyicha oʻrinbosariga aylandi, ularning xavfsizlikni taʼminlash bilan bogʻliq vakolatlari kengaydi.

Sohaga ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan, maʼmuriy huquqbuzarlikni qayd etuvchi planshetlar, bodikamera, internet tarmogʻiga ulangan kompyuterlar tatbiq etildi.

Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha «Smart mahalla» dasturi yaratildi, sud majlislarini onlayn tarzda oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. 

Bugungi profilaktika inspektorlarining faoliyati aholining kunlik muammolari va kunlik ehtiyojlari bilan kunu tun ishlaydigan tizim sifatida shakllandi, desak toʻgʻri boʻladi. Bundan tashqari, oila va xotin-qizlar muammolari boʻyicha ishlashda yaqindan koʻmak beruvchi 362 nafar ayol inspektor, mahallalarda 1100 nafar inspektor-psixolog va voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha 360 nafar inspektor faoliyat koʻrsatmoqda.

Har bir rahbar va xodimning jinoyatchilikka qarshi kurashishga boʻlgan qarashi tubdan oʻzgardi. Ularga raqam yoki foizlar ortidan quvish emas, balki fuqarolarning mol-mulki, sogʻligʻini ishonchli himoya qilish asosiy vazifa etib belgilandi. Jinoyatchilik statistikasini yuritishda xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilgan ijobiy tajribadan kelib chiqib, jinoyatchilik koʻrsatkichini 100 ming aholi soniga nisbatan hisoblanishi yoʻlga qoʻyildi.

Kriminogen vaziyatni xolisona tahlil qilish, jinoyatlarni yashirmaslik maqsadida xodimlar tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlarni ijobiy natija sifatida baholash tizimiga oʻtildi.

Bugungi kunda barcha hududlarda jinoyatlar sektorlar kesimida tahlil qilinib, vaziyatga mahallada xavfsiz sharoit yaratilganiga qarab baho berilmoqda va shunday yondashuv kriminogen vaziyatni ijobiy tomonga oʻzgartirish uchun zamin yaratmoqda.

Ilgari jinoyatdan xoli hududga aylangan mahallalar ulushi 13 foizdan oshmagan boʻlsa, bugungi kunda ular soni 4,5 mingdan ziyodni tashkil etmoqda.

Shu davrda har 100 ming aholiga nisbatan jinoyatlar soni esa qariyb 

1,5 baravar — 229 tadan 182 taga kamaydi. Bu koʻrsatkich boʻyicha Oʻzbekiston MDHda eng xavfsiz davlat hisoblanadi. 

Ichki ishlar organlarida amalga oshirilgan islohotlar davomida har bir fuqaroning mushkulini oson qilish, jumladan, ichki ishlar organlari tomonidan aholiga qulay va ortiqcha sarsongarchiliksiz davlat xizmatlarini koʻrsatish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Bu borada aholini koʻp yillar mobaynida qiynab kelayotgan propiska tartibi bekor qilingani, fuqaroligi boʻlmagan minglab shaxslar Oʻzbekiston fuqaroligini olgani ham islohotlar samarasidir. Qayd etish kerakki, 6 oyga xorijga chiqish uchun beriladigan ruxsatnoma oʻrniga 10 yil amal qiluvchi biometrik pasport, shaxsni tasdiqlovchi hujjat oʻrniga ID-karta joriy etildi. 

Fuqarolarning pasportni rasmiylashtirish, haydovchilik guvohnomasini almashtirish kabi xizmatlarni olish uchun kunlab ichki ishlar organi binosi oldida navbatda turish amaliyotiga chek qoʻyildi va ushbu xizmatlar Davlat xizmatlari agentligi orqali ham koʻrsatilmoqda.

Yangi avtomashinalar uchun bir yillik majburiy texnik koʻrik bekor qilindi, talabgor davlat raqam belgilarini auksion tartibida xarid qilishga ruxsat berildi.

Korrupsion omillarni kamaytirish maqsadida yoʻl harakati qoidabuzarliklarini aniqlash, haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon qabul qilish, texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha xizmatlar tadbirkorlik subʼektlariga berildi.

Fuqarolar orasida salbiy nom chiqargan «Jasliq» va «Toshturma» koloniyalari toʻliq tugatildi. Mahkumlarni saqlash joylari va mahkumlar soni boʻyicha maʼlumotlar ochiqlandi, ularga saylash, pensiya taʼminoti va ijtimoiy sugʻurta olish, kasb egallash, taʼlim va sifatli tibbiy yordam olish huquqi berildi. Oʻzining qilmishidan chinakam pushaymon boʻlgan 5 mingdan ziyod fuqaro insonparvarlik tamoyili asosida afv etildi. 

Jinoyatlarni fosh etish va jamoat xavfsizligini inson omili taʼsirini istisno etgan holda, taʼminlash tizimiga oʻtildi. Shu maqsadda «gezella oynasi» bilan jihozlangan va videokonferensaloqa tizimiga ulangan 44 ta maxsus tergov xonasi tashkil etildi. Tergov harakatlarini qayd etuvchi 1324 ta va qamoqda saqlash joylarida 5 mingdan ortiq videokuzatuv moslamasi oʻrnatildi.

Ichki ishlar organlariga keltirilayotgan fuqarolarning haq-huquqlarini ishonchli taʼminlash uchun jami 382 ta soʻrovxona tashkil etilib, keltirilgan har bir fuqaro bilan suhbatlarni videokameralarga uzluksiz yozib olish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. 

Jamoat joylaridagi vaziyatni kuzatib borish uchun 16 ta situatsion vaziyatlar markazi tashkil etilib, ularga koʻchalar, aholi xonadonlari va ijtimoiy obʼektlarga oʻrnatilgan 100 mingdan ziyod videokamera va 8 mingdan ortiq tezkor chaqiruv tugmasi integratsiya qilindi. 

Yoʻl-patrul va patrul-post xizmati xodimlari 6100 ta bodikamera, 179 ta alkotester, huquqbuzarliklarni qayd etuvchi 6874 ta planshet bilan taʼminlandi. Mazkur ishlarning barchasi ichki ishlar organlari xodimlarining yuqori professionallik bilan xizmat oʻtashi, aholining kunlik muammolari bilan hamnafas boʻlishini taʼminlashga qaratildi.

Aytish joizki, ilgari hududlarda sodir etilgan jinoyatlar va yoʻl-transport hodisalari haqida aholiga hech qanday maʼlumotlar berilmasdi. Endilikda har bir rahbar va profilaktika inspektori vakillik organlariga hisobot berishi tizimi yoʻlga qoʻyilib, jinoyatlarning sabablarini «mahallabay» va «sohabay» muhokama qilish amaliyotiga oʻtildi.

Tizim faoliyatining shaffofligini taʼminlash uchun 21 ta veb-sayt, ijtimoiy tarmoqlarda esa 78 ta rasmiy sahifa yuritilmoqda. Ular orqali har kuni 1,6 milliondan ziyod doimiy foydalanuvchiga maʼlumotlar taqdim etilmoqda.

Qisqa davr ichida ichki ishlar organlarining moddiy-texnik bazasi yangilandi, xizmat sharoitlari yaxshilandi. Soʻnggi yillar mobaynida tizimda 241 ta xizmat uyi qurildi, 

2 245 ta xonadon olish uchun ipoteka krediti rasmiylashtirildi, 79 ta zamonaviy maʼmuriy bino barpo etildi.

Xodimlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish maqsadida ularning oylik maoshlari oshirildi, xizmat vaqtida halok boʻlgan yoki nogiron boʻlib qolgan xodimlarning farzandlariga oʻqishga kirishi uchun alohida kvotalar ajratildi. Ichki ishlar organlari faxriylari va ularning oila aʼzolariga arzonlashtirilgan narxda tibbiy-ijtimoiy yordam olish imkoniyati yaratildi.

Hududlarning oʻziga xos jihatlaridan kelib chiqib, jinoyatchilikka qarshi kurashishning yangi modellari amaliyotga bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda. Jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha Milliy gvardiya bilan birga 3 smenali patrullik xizmati yoʻlga qoʻyilib, jugʻrofiy jihatdan murakkab viloyatlar mintaqalarga boʻlinib boshqariladigan boʻldi.

Rossiya, Qozogʻiston, Germaniya kabi mamlakatlarning ijobiy tajribasiga tayangan holda, oʻziga xos munitsipal politsiya sifatida mahalliy budjet hisobidan 41 ta ichki ishlar boʻlinmasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Koʻplab xorijiy mamlakatlarda toʻlaqonli faoliyat yuritayotgan turizm politsiyasi, ekologiya politsiyasi, probatsiya, kiberxavfsizlikni taʼminlashga ixtisoslashgan boʻlimlar tashkil etildi.

Interpol va Yevropol kabi xalqaro tashkilotlar hamda 78 ta davlat politsiyasi bilan hamkorlik mustahkamlandi.

Yosh avlodni bolaligidan boshlab Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun har bir hududda 14 ta akademik litsey, Toshkent shahrida ixtisoslashtirilgan maktab-internat, Nukusda esa «Temurbeklar maktabi» ochildi.

Xodimlarning kasbiy bilim va amaliy koʻnikmalarini oshirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada joriy yildan boshlab yangi uzluksiz «oʻquv-karera» tizimi amaliyotga tatbiq etildi. Endi xodimlar navbatdagi unvon olish yoki yangi lavozimga tayinlanishdan avval Malaka oshirish institutida sayyor, masofaviy yoki kunduzgi majburiy malaka oshirish kurslarida oʻqiydi.

Rahbarlar zaxirasini yaratish uchun har yili 150 nafar xodimning vazirlik akademiyasida tashkil etilgan ikki bosqichli magistraturada tahsil olish tizimi yaratildi.

Mamlakatimizda xavfsizlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidan ham ijobiy baholanmoqda. Xususan, «The world justice project» xalqaro nodavlat agentligi tomonidan 2021 yil uchun berilgan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston «Tartib va xavfsizlik» indikatori boʻyicha dunyoda 139 mamlakat ichida 16-oʻrinni, Osiyo qitʼasidagi 27 davlat orasida 4-oʻrinni, Markaziy Osiyoda esa 1-oʻrinni egallagan. Bu ham mamlakatimizda xavfsiz sharoitlar yaratilganidan dalolat beradi.

Biroq bu raqamlar xotirjamlikka berilishga sabab boʻla olmaydi. Shuning uchun ham kelgusida ichki ishlar organlari tizimini chinakam xalqchil professional tuzilmaga aylantirish borasida bir qator vazifalarni amalga oshirish lozim boʻladi. 

Birinchidan, turli ijtimoiy muammolar bois, jinoyatga qoʻl urishi mumkin boʻlganlar, ilgari sudlanganlar, giyohvandlar, uyushmagan yoshlar, deviant xulq-atvordagi oʻsmirlar kabi shaxslar toifasi bilan «mahallabay» tarzda ishlash amaliyoti yanada jadallashtiriladi.

Buning doirasida ichki ishlar organlarining xizmat faoliyatiga xos boʻlmagan funksiya va tuzilmalarini toʻliq maqbullashtirish, yangicha ishlash amaliyoti, shu jumladan, yuvenal profilaktika klasteri, aholiga psixologik xizmat koʻrsatish kabilarni yoʻlga qoʻyish orqali tizimni har bir oilaga yanada yaqinlashtirish choralari koʻriladi.

Ikkinchidan, aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish va ortiqcha sarson boʻlish holatlarining barvaqt oldini olish maqsadida fuqarolarni yashash joyi boʻyicha elektron hisobga olish, pasport sohasidagi xizmatlarni ijtimoiy koʻmakka muhtoj qatlamlarga uyga borib koʻrsatish amaliyoti hayotga tatbiq etiladi.

Uchinchidan, jamoat tartibini saqlash boʻyicha patrullik xizmati faoliyatini bodikamera yordamida nazorat qilish hamda mobilligini oshirish orqali uni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, avtomobil yoʻllarida harakatlanish uchun xavfsiz sharoitlarni yaratish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratiladi.

Toʻrtinchidan, tizim xodimlarining fuqarolar bilan oʻzaro munosabatlarining qatʼiy tartibi belgilanadi hamda kunlik xizmat faoliyatini professionallik darajasi va ijtimoiy fikr asosida baholash boʻyicha taʼsirchan tizim joriy etiladi. 

Bir soʻz bilan aytganda, yangi ichki ishlar organlarini yaratish uchun barcha zaruriy choralar koʻriladi. Maqsadimiz aniq – Oʻzbekistonda tinch-osoyishta hayotni taʼminlash, fuqarolarimiz haq-huquqlarini, xavfsizligini ishonchli himoya qilish.