Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining topshirigʻi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi PQ-5050-son Qarori talablari asosida, Surxondaryo viloyatida jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash ishlari ahvolini oʻrganish hamda ichki ishlar organlarining quyi tizimlariga amaliy yordam koʻrsatish maqsadida Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh oʻz faoliyatini boshladi.

Ishchi guruh tomonidan viloyatdagi kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirishga qaratilgan maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar oʻtkazish, mahallalarda jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, aholining mavjud muammoli masalalarini aniqlash va hal etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Taʼkidlash joizki, shu kunga qadar 864 nafar fuqarolarning ijtimoiy-maishiy muammolari oʻz yechimini topdi. Jumladan, 119 nafar voyaga yetmaganlar taʼlimga qaytarildi, 92 nafar ayollarga “Himoya orderi” rasmiylashtirildi, 33 ta oila yarashtirildi, 40 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi. 480 nafar uyushmagan yoshlar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi. Shuningdek, hududda 31 ta jinoiy va 347 ta maʼmuriy holatlar aniqlandi. 

Bundan tashqari, tadbirlar davomida, 17 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi, 9 ta jinoyat fosh etildi, 90 dona oʻq-dorilar olib qoʻyildi va 32 dona oʻqotar qurol ixtiyoriy ravishda topshirildi.

Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishi boʻyicha 2983 ta qoidabuzarlik aniqlanib, ularga tegishli taʼsir choralari koʻrildi.  

Oʻrganishlar davomida tuman va shaharlarni jinoyatdan holi namunali va xavfsiz hududga aylantirish, shuningdek, xodimlar tomonidan xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi va bu borada tuman-shaharlarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijalari hamda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash ahvolini oʻrganish, hududlardagi sektor rahbarlarining kriminogen vaziyatni ijobiy tomonga oʻzgartirish boʻyicha tashabbuslarining samaradorligi koʻzdan kechirildi. 

Qolaversa, ishchi guruh tomonidan viloyat hududida ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat oʻtash va yashash sharoitlarini oʻrganib, aniqlangan muammo va kamchiliklar bartaraf etilmoqda.  

Surxondaryo viloyatida ishchi guruh tomonidan tezkor-profilaktik tadbirlar va uchrashuvlar oʻtkazish ishlari davom etmoqda.