Ijod ahli bilan suhbat insonda mutolaaga boʻlgan qiziqishni oshiradi. Chunki ularning har soʻzida maʼrifat, olam-olam maʼno mujassam boʻladi. Shu bois ham IIV huzuridagi JIED shaxsiy tarkibi bilan “Maʼnaviyat oyligi” doirasida bir guruh ijodkorlar ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tadbirga “Tong yulduzi” gazetasi, “Gʻuncha” hamda “Gulxan” jurnallari bosh muharrirlari Feruza Odilova, Dilfuza Shomalikova va Zahro Hasanova taklif etildi.

 Asosan bolalar uchun moʻljallangan mazkur nashrlar ertamiz egalari boʻlgan kichkintoylarimizning barkamol boʻlib voyaga yetishlari, ilm- maʼrifatga mehr qoʻyishlariga oʻz hissalarini qoʻshib kelmoqda. Koʻpchiligimizning bolalik xotiralarimiz qariyb 95 yildan buyon oʻz oʻquvchilarining mehrini qozonib kelayotgan “Tong yulduzi” gazetasi bilan bogʻliq. Gazeta bosh muharriri Feruza Odilova soʻzga chiqib, “Tong yulduzi” hatto Ikkinchi jahon urushi yillarida ham chop etilishdan toʻxtamaganini aytib oʻtdi. Shuningdek, bugungi kunda gazetxonlik, jurnalxonlikka boʻlgan munosabat qoniqarli darajada emasligi ham taʼkidlandi. 

Tadbirda “Gulxan” jurnali bosh muharriri Zahro Hasanova oʻzining ajoyib ijod namunalaridan oʻqib berdi. Shoiraning qalamiga mansub, kichkintoylar uchun yozilgan quvnoq va ibratli sheʼrlar xodimlarning olqishiga sazovor boʻldi. Shaxsiy tarkib ijodkorlardan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olish barobarida, matbuot nashrlarini yanada ommabop, qiziqarli qilish boʻyicha taklif va mulohazalarini bildirishdi.

Sadriddin XAYRULLAYEV,

IIV huzuridagi JIED 

Axborot xizmati katta mutaxassisi,

katta serjant.