Vatanga xizmat – oliy saodat

IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Qarshi shahridagi 7533-harbiy qism komandiri, polkovnik Jasur Sagʻdullayev 25 yildan buyon Vatanimiz osoyishtaligi yoʻlida sidqidildan xizmat qilib kelmoqda. Toshkent oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurtini tamomlagan lavhamiz qahramoni 7531 hamda 7553-harbiy qismlarda samarali xizmat koʻrsatib, boy tajriba toʻpladi.

Shuningdek, shaxsiy tarkib oʻrtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoat tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlikni yaxshi yoʻlga qoʻydi.

Uning tashabbusi bilan harbiy xizmatchilarning jismoniy natijalarini yanada yaxshilash va buning uchun yetarlicha sharoitlar yaratish maqsadida, “Workout” sport majmuasi qurilib, qorovullar shaharchasi ham bunyod etildi. Bundan tashqari, harbiy xizmatchilarning oila aʼzolarini ijtimoiy jihatdan himoyalash choralari koʻrilyapti, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar va yakka tartibdagi suhbatlar oʻtkazilyapti.

Shaxsiy tarkibning bilim saviyasini oshirish va ularni har tomonlama barkamol insonlar qilib tarbiyalash harbiy qism qoʻmondonligining diqqat markazida. Ushbu jamoa vakillari Qurolli Kuchlar miqyosida oʻtkaziladigan “Eng ilgʻor mutaxassis” koʻrik-tanlovlarida munosib ishtirok etib, “Eng ilgʻor guruh komandiri”, “Eng ilgʻor vzvod komandiri” hamda “Eng ilgʻor batalon komandiri” nominatsiyalarida bir necha bor gʻoliblik shohsupasidan joy oldi.

Qism komandiri J. Sagʻdullayev malakasini yanada oshirish maqsadida Qurolli Kuchlar akademiyasida tahsil olib, kasbiy bilim va mahoratini boyitdi.

Ana shunday yutuqlarga erishib kelayotgan polkovnikning turmush oʻrtogʻi Dilnozaxon ham uzoqni koʻra oladigan oqila va sarishtali uy bekasi. Hozirda ular 2 nafar farzandni bekamu koʻst tarbiyalab kelayotir.

– Polkovnik Jasur Sagʻdullayev qoʻl ostidagi shaxsiy tarkibni har qanday holatda ham safarbar qila oladigan, talabchan va tashabbuskor rahbar, – deydi Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlarni tashkillashtirish boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Shermat Quliyev. – Shuningdek, murakkab vaziyatlarda ham toʻgʻri qaror qabul qilishi bilan, shaxsiy tarkibning ishonchiga sazovor boʻlib kelmoqda. Shu bois, qaʼtiy irodasi va mahoratiga ishongan bu inson, hech qachon maqsadlari yoʻlida toʻxtab qolmaydi, balki, doimo oldinga harakat qilib, intilishda davom etadi.

Shunday ekan, biz ham uning bu kabi gʻayrat va shijoatiga muvaffaqiyatlar tilagan holda ona yurtimiz himoyasi yoʻlida mustahkam qalqon boʻlishini tilab qolamiz! 

Azamat XOLMATOV,

harbiy qism xodimi.