Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari — maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻi, general-mayor Davron Nazarmuxamedov boshchiligidagi ishchi guruhi Jizzax viloyatidagi oʻrganishlarining dastlabki kunida Jizzax shahri hamda Paxtakor, Sharof Rashidov tumanlari ichki ishlar boshqarma va boʻlimlarida xodimlar uchun yaratilgan xizmat sharoitlari bilan tanishdi. Mazkur jarayonda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, tergov va surishtiruv oʻtkaziladigan xonalarning kuzatuv kameralari va ovoz yozish qurilmalari bilan taʼminlanishi, shaxsiy tarkibning maʼnaviy-maʼrifiy bilimlarini oshirish, xizmat intizomini mustahkamlash masalalariga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, ishchi guruh Paxtakor tumani IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, probatsiya guruhlari uchun bunyod etilayotgan binolar hamda vaqtincha saqlash hibsxonasi qurilishi bilan tanishdi. Bundan tashqari Zafarobod tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 3-sektor shtabida boʻlinib, ishchi guruh faoliyati uchun yuzaga keltirilgan imkoniyatlar oʻrganildi.
IIV Jizzax akademik litseyida esa taʼlim sharoitlari va yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik jarayonlariga diqqat qaratildi. Shu kuni ichki ishlar organlariga nomzodlarni qabul qilish markazi, viloyat IIB jismoniy va jangovar tayyorgarlik boʻlimi, YHXB boshqarmasining texnologik imkoniyatlari oʻrganildi. Chunonchi, mutaxassislar kuzatuv kameralari va qoidabuzarliklarni aniqlovchi qurilmalarning salohiyati haqida atroflicha maʼlumot berishdi.
Ishchi guruh tomonidan ichki ishlar organlari va tizimga aloqador muassasalar faoliyatini jonlantirish uchun qilinishi zarur tadbirlar hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralari belgilanmoqda. Bunda qizil toifadagi mahallalardagi kriminogen vaziyatni oʻnglashga ustuvor vazifa sifatida yondashilyapti.
Alijon ABDUSATTOROV,
oʻz muxbirimiz.
Jizzax viloyati.
