Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Bahodir Mirzarahimov boshchiligidagi ishchi guruh Surxondaryo viloyatida oʻz ishini boshladi.

Dastlab vazir oʻrinbosari viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xizmat binosiga tashrif buyurdi. Bu yerda xodimlarning xizmat faoliyati, xizmat xonalari, yaratilgan shart-sharoitlarni koʻzdan kechirar ekan, situasion markaz faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Shundan soʻng general-mayor B.Mirzarahimov viloyat IIB sport kompleksida boʻldi. Majmuadagi sharoitlar, jangovar tayyorgarlikni oshirish, mashgʻulotlar olib borish uchun mavjud inventarlarni koʻzdan kechirdi.

Keyingi manzil Termiz tumanidagi turizm namoyish obʼektlaridan biri boʻlgan Al-Hakim at-Termiziy ziyoratgohi boʻldi. Bu yerda vazir oʻrinbosari dastlab buyuk muhaddis olimning maqbarasini ziyorat qildi. Soʻngra ziyoratgohdagi holat, bu yerda sayyohlar uchun qanday qulayliklar mavjudligi bilan tanishdi. Turistlar oqimini koʻpaytirish uchun tegishli tavsiyalarni berib oʻtdi.

Sherobod tumanida joylashgan Abu Iso at-Termiziy ziyoratgohi ham bugun sayyohlarning gavjum maskanlaridan biriga aylangan. General-mayor B.Mirzarahimov ushbu majmuada ham boʻldi va xizmat koʻrsatish sifati, turistlarning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha eʼtibor qilinishi lozim boʻlgan jihatlar yuzasidan masʼullarga topshiriqlar berdi.

Oʻrganish ishlari davom etmoqda.

Oʻz muxbirimiz.

Surxondaryo viloyati.