Bu – qiziq!

«Ishxona – ikkinchi uy» degan iborani koʻp eshitgansiz. Nafsilamrini aytganda, kunning yarmidan koʻpini ishxonada oʻtkazamiz. Har tong ishga yoʻl olarkanmiz, bugunimiz kechagidan koʻra unumli va barokatli boʻlishini niyat qilamiz. Ishimizda samara boʻlishi koʻp hollarda kayfiyatimizga bogʻliq. Xoʻsh, u qachon koʻtarinki boʻladi? Eng avvalo, ishchanlik ruhiyatini bagʻishlaydigani – ish joyimizdagi muhit. Ishxonadagi muhit tinch, xotirjam boʻlishi lozim. Ayniqsa, ijod bilan shugʻullanuvchi soha xodimlari uchun bu juda muhim. 

Jamoadagi ahillik va hamjihatlik xodimlarni yanada jipslashtiradi. 

Ish joyining ozodaligiga alohida ahamiyat berish lozim. Xonada yoqimsiz hid va gʻuborlar ishlash ishtiyoqini soʻndiradi. 

Xonada gullar qancha koʻp boʻlsa, shuncha yaxshi. Gohida ularga biroz tikilib qarab tursangiz, charchoqlardan forigʻ boʻlasiz. 

Ish vaqti tugagach, uyga ketishga shoshilayotgan boʻlsangiz ham stolingizni tartibga keltirishni unutmang. 

Ish stolingizdagi predmetlarni shunday joylashtiringki, ish jarayonida ular halaqat bermasin. Yodingizda boʻlsin: xonaga kirgan begona odamda salbiy yoki ijobiy taassurot qoldirish koʻp jihatdan siz uchun ahamiyatsizdek boʻlib koʻringan ana shu mayda detallarga ham bogʻliq. 

Adolat FAYZIYEVA tayyorladi.