Jizzax shahrining Zilol mahallasida yashovchi Oʻ.T. ichki ishlar organlariga murojaat qilib, turar joyi yotoqxonasida saqlanayotgan 4,5 million soʻm pul, choʻntak soati hamda nogironlik eshitish qurilmasini nomaʼlum shaxs oʻgʻirlab ketganligini bildirdi. Uyda hech kim boʻlmaganligi oʻgʻriga qoʻl kelgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida oʻgʻirlikni Sharof Rashidov tumani “Toqchilik” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi S.Oʻ. sodir etganligi aniqlandi. Undan ashyoviy dalil sifatida soat va eshitish qurilmasi hujjatlashtirib olingan.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida joriy yilning 3 dekabr kuni S.Oʻ. Sayiljoyi mahallasida yashovchi SH.J.ga tegishli “Lasetti”ga yoʻlovchi sifatida chiqib, haydovchiga tegishli uyali aloqa vositasini oʻgʻirlab ketganligi maʼlum boʻldi. Mazkur oʻgʻirlik buyum ham hujjatlashtirib olingan. Maʼlumot oʻrnida aytish kerak, jabrlanuvchilarning ikkovi ham pensionerdir.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Postda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
