– Erta tongda «beshlik» aʼzolari hammamiz idorada toʻplanib, kunlik qiladigan ishlarimizni maslahatlashib olib, shunga qarab reja tuzamiz – deydi mayor Shokirjon Karimov. «Xonadonbay» oʻrganishlarga birinchi galdagi yumush sifatida qarayapmiz. Beshta mutasaddi biror xonadonga oʻrganishga kirsak, qaysi yoʻnalishdagi muammo boʻlsa, darrov yechim topilyapti. Hokim yordamchisi bandlik, tadbirkorlik va kredit masalasida oʻz tavsiyalarini bersa, yoshlar yetakchisi oiladagi yoshlar muammosini oʻrganmoqda. Xotin-qizlar faoli esa ayollar bilan sirlashyapti. Men esa huquqiy maslahatlarimni beryapman.
Fuqarolar yigʻini raisi Mohiraxon Tursunovaning taʼkidlashicha, ayni kunda hududda 18 nafar tadbirkor faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, ularning sonini koʻpaytirishga jiddiy eʼtibor qaratilyapti. Hokim yordamchisi shu sohaga qiziquvchi fuqarolar bilan gaplashib, amaliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, imtiyozli kredit olib berishda koʻmaklashyapti. 100 ga yaqin xonadonda issiqxonalar mavjud boʻlib, limon, pomidor, bodring va ziravor yetishtiriladi.
Masalan, «Ayollar daftari» roʻyxatiga olingan Muqaddam Joʻrayevaga imtiyozli kredit asosida 5 ta tikuv mashinasi olib berilgach, u kichik sex tashkil etib, qoʻlida hunari bor ayollarni ish bilan taʼminladi. Aholining kam taʼminlangan qatlamini ish bilan taʼminlash maqsadida 80 nafarga yaqin xotin-qiz tirikotaj va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga kasanachilik asosida biriktirilgan.
Fuqarolarning ish bilan band boʻlgani, bekorchilarning yoʻqligi, eng muhimi, barcha ishlar hamjihatlikda olib borilayotgani tufayli «Kichik Kenagas» obod va xavfsiz mahallaga aylanmoqda.
– Nafaqat Kichik Kenagas, balki boshqa mahallalarda ham jinoyatchilikni jilovlashda faxriylar tajribasidan unumli foydalanyapmiz, – deydi Uchkoʻprik tumani IIB boshligʻining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, podpolkovnik Azizbek Umarov. – Har bir profilaktika inspektoriga oʻzi xizmat olib borayotgan hududdan bir nafar faxriy maslahatchi etib biriktirilyapti. Endilikda inspektorlar faxriylarning oʻgit va maslahatlariga tayangan holda ish olib borishadi. Oʻylaymizki, tajribaga ega ustozlarning yordami yosh xodimlarning kasbiy mahoratini oshirishda qoʻl keladi.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
