Jizzax viloyatida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayni maqsadda viloyatdagi yoʻl-patrulʼ xizmati maskanlaridan tashqari, yana 4 ta koʻchma post yuzaga keltirildi. Ushbu postlarda ichki ishlar organlarining jinoyat qidiruv, yoʻl-harakati xavfsizligi, patrulʼ-post xizmati va jamoat tartibini saqlash kabi sohaviy xizmatlari xodimlari faoliyat olib borishayapti.

Mazkur postlarda avtotransport vositalarini tekshirish jarayonida bir qancha qonunbuzarliklar aniqlanmoqda. Chunonchi, Jizzax shahri hududidagi “Bunyod-95” koʻchma postida Jizzax shahri “Olmazor” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi 1992 yilda tugʻilgan T.Q. boshqaruvidagi “Tracker” rusumli avtoulov toʻxtatib tekshirilganida avtoulov yukxonasida toʻqmoq (bita) saqlanayotganligi maʼlum boʻldi.

Shuningdek, ushbu postda Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashovchi A.A. boshqaruvidagi “Gentra” tekshirilganida avtoulov yukxonasidan PR-73 rezina tayogʻi topildi. Gʻallaorol tumanidagi koʻchma postda esa Samarqand shahrida yashovchi M.K.ga tegishli “KIA” koʻzdan kechirildi va avtomashina yukxonasida 6 dona oʻtkir tigʻli jismlar borligi ayon boʻldi.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerak, bir sutka davomida viloyat hududida tekshirilgan avtoulovlardan 15 dona pichoq yoki boshqa turdagi tigʻli jismlar hujjatlashtirib olingan. Haydovchilarning asosiy qismi ushbu tigʻli jismlarni nima maqsadda olib yurganliklarini tuzuk-quruq izohlab bera olishmagan.

Xuddi shunday, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish va jamoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida tunda faoliyat koʻrsatuvchi koʻchma postlarda ham bir qancha qonunbuzarliklar aniqlandi. Jizzax shahrida yashovchi S.M. boshqaruvidagi “Lacetti” tekshirilganida avtoulov yukxonasida toʻqmoq borligi maʼlum boʻldi. Shuningdek, xodimlar tomonidan firibgarlik qilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan qochib yurgan Sharof Rashidov tumani “Xayrobod” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi A.X. qoʻlga olindi. Unga nisbatan joriy yilning 5 avgustida qidiruv eʼlon qilingan edi.

Koʻchma postdagi xodimlar jamoat joylarida oʻzlarini nomunosib tutayotgan shaxslarga alohida eʼtibor qaratishayapti. Shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida ular ichki ishlar boʻlimlariga olib kelinib, profilaktik suhbatlar tashkil etilayapti. Shu bilan birga, viloyat OITSga qarshi kurashish markazi xodimlari tomonidan ushbu fuqarolarning qoni ekspress tekshiruvdan oʻtkazilayotir. 

Eʼtiborlisi, mazkur jarayonda Jizzax shahri Yoshlik mahallasida yashovchi N.U., B.U. J.I.ning qonida OITS infeksiyasi, shuningdek, Gʻallaorol tumani “Lalmikor” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Q.B.ning qonida ikkilamchi OITS infeksiyasi borligi maʼlum boʻldi. Bemorlarga soha mutaxassislari tomonidan OITSni boshqalarga yuqtirmaslik, sogʻlom turmush tarzi meʼyorlariga amal qilish yuzasidan tushunchalar berildi. Bu kabi profilaktik tadbirlar kriminogen vaziyatga koʻra hududlarda ham tashkil etilmoqda.

Gʻanisher BOʻRONBOEV,

Jizzax viloyati IIB jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimi, mayor.