Pirotexnika buyumlari tarkibida turli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi zaharli moddalar mavjud.

Pirotexnika mahsulotlarini rang-barang va yaltiroq holga keltirish uchun ishlab chiqaruvchilar ularga noorganik metallarning tuzlarini qoʻshadi. Bu moddalar oʻta kuchli toksikat hisoblanib, hatto onkologik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Bundan tashqari, paqildoqlar tarkibiga simob va surma birikmalari kirishi mumkin. Har qanday pirotexnika atmosferaga salbiy taʼsir koʻrsatadi, chunki oʻzidan havoga koʻp miqdorda karbonat angidrid gazi chiqaradi.

«Dolzarb 40 kunlik» profilaktik tadbirlari doirasida Andijon viloyati ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan pirotexnika vositalarining sotilishi va ishlatilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha nazorat-reyd tadbirlari kuchaytirildi.

Viloyat IIB JXX YHXB materiallariga koʻra, Izboskan tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirlardan birida Namangan viloyatining Uchqoʻrgʻon tumanida yashovchi Ahmad Yusupov (ismi va familiyasi oʻzgartirilgan) boshqaruvidagi Captiva rusumli avtomashina toʻxtatilgan. Avtomobilni koʻzdan kechirish chogʻida transport yukxonasi va salonida 132 dona salyut va petardalar borligi aniqlangan.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boris KLEYMAN.