Respublika Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-avgustdagi “Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash boʻyicha respublika tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Jizzax viloyati ichki ishlar organlarining eng namunali xodimlarini aniqlash maqsadida koʻrik-tanlov oʻtkazildi. Gʻoliblar “Eng yaxshi ichki ishlar organi boshligʻi”, “Eng yaxshi profilaktika inspektori”, “Eng yaxshi tergovchi”, “Eng yaxshi tezkor xodim” nominasiyalari boʻyicha saralandi.

Bu jarayonda ishtirokchilarning intellektual, jismoniy va jangovar tayyorgarligi sinovdan oʻtkazildi. Qatnashchilar 100 metr hamda 3000 metrga yugurish, toʻsinda tortilish, jangovar qurollarni toʻliqsiz qismlarga ajratish va yigʻish, oʻq otish, qoʻl jangi boʻyicha mahoratlarini namoyish qildilar. Shuningdek, xodimlarning siyosiy, huquqiy bilimi, IQ darajasi, induvidial psixologik xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan test sinovlari oʻtkazildi.

– “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz” shiori ostida tashkil etilgan mazkur koʻrik-tanlov xodimlarning jangovar, jismoniy va kasbiy tayyorgarlik darajasini kuchaytirish, shaxsiy tarkibda sogʻlom raqobat muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonaman, – deydi viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻining oʻrinbosari, mayor Furqat Jabborov. – Endilikda har yili oʻtkaziladigan ushbu tadbir hamkasblarimizning tajriba va malakasini oshirish, tashabbuskorlik va yetakchilik fazilatlarini rivojlantirish bilan birga, salohiyatli xodimlarni aniqlash hamda rahbarlik lavozimlari uchun istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirishda qoʻl keladi. Qolaversa, yaxshi xodimlarimizni munosib ragʻbatlantirish imkoniyatlari kengaymoqda.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerak, 4 yoʻnalishda oʻtkazilgan bellashuvlarda 1, 2 va 3-oʻrinni egallaganlar koʻrik-tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadilar. Gʻoliblarga 25 oktyabrʼ – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan oʻtkaziladigan bayram tadbirlarida diplom, pul mukofotlari hamda qimmatbaho sovgʻalar topshirilishi koʻzda tutilgan.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Postda” muxbiri.

Jizzax viloyati.