IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari qoʻmondonligi tashabbusi bilan Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha alohida batalʼonida “Korrupsiya – jamiyat taraqqiyoti kushandasi” mavzuida tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi, Toshkent harbiy prokuraturasi, IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi harbiy tuzilmalar boʻyicha boʻlimi xodimlari ishtirok etdi.
Maʼlumki, korrupsiya demokratiya va qonun ustuvorligi asoslariga putur yetkazib, inson huquqlarining buzilishiga olib keladi. Islohotlarga toʻsqinlik qilib, jamiyat taraqqiyotini ortga suradi. Xalqning adolatga boʻlgan ishonchini susaytiradi. Ushbu illatning katta-kichigi boʻlmaganidek, mamlakat ham, millat ham tanlamaydi. Shu bois, bugungi kunda korrupsiya xavfining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyat koʻrsatmoqda.
Tadbirda taʼkidlanganidek, har qanday davlatning rivojlanishi davlat xizmatchilarining vatanparvarligi, zimmasidagi masʼuliyatni toʻlaqonli anglashi, sadoqati va fidoyiligiga bogʻliqdir. Ushbu xislatlarga ega boʻlmagan davlat xizmatchisi korrupsiyadan xoli boʻla olmasligi, natijada poraxoʻrlikka, mansabini suiisteʼmol qilishga, pirovardida oʻzi ishlab turgan joy, tizimning obroʻsizlanishiga sabab boʻladi.
Tadbir yakunida shaxsiy tarkib eʼtiboriga korrupsiya jamiyatni tanazzulga yetaklashi, salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi yuzasidan videoroliklar havola etildi.
Oʻz muxbirimiz.
