Jonajon vatanimiz tinchlik-osoyishtaligini koʻz qorachigʻidek asrab kelayotgan fidoyi va jonkuyar harbiylarimizdan biri kapitan Xumoyun Mahmatqulovdir. U 1989 yilning 21 noyabr kuni Samarqand viloyatining Urgut tumanida tugʻilgan. 2017 yilda hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetini muvaffaqiyatli tamomlaydi.
Ilk xizmat faoliyatini 2017 yili IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qoʻngʻirot tumanida joylashgan oʻsha paytdagi 7553-harbiy qismda guruh komandiri, soʻngra esa, IIV Harbiy tuzilmalarining faoliyatini taʼminlash bazasi aloqa vositalari va kompyuter texnikalarini taʼmirlash tsexi boshligʻi lavozimida xizmat qilgan.
Ustozlari yordamida kasb sir-asrorlarini mukammal egallagan yosh harbiy xizmatchi hozirda Namangan viloyatidagi 7552-harbiy qism SHTABI muhandislik texnik taʼminoti boʻyicha katta ofitseri lavozimida samarali faoliyat yuritmoqda.
Asosiy vazifasi qoʻriqlanayotgan obʼektlardagi texnik qoʻriqlov vositalarini doimiy soz holatda saqlash, texnik xizmat koʻrsatish va ulardan foydalanish boʻlgan bu yigit, oʻzining harakatchanligi, tirishqoqligi va uddaburonligi bilan barcha safdoshlariga namuna boʻlib kelyapti. Bundan tashqari, tinib-tinchimas X. Mahmatqulov oʻziga berilgan boshqa topshiriqlarni ham jonkuyarlik bilan ado etmoqda.
Shuningdek, shaxsiy tarkibning maʼnaviy salohiyatini oshirishda, yosh harbiy xizmatchilarni ona Vatanga sadoqat va mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash hamda harbiy intizomni mustahkamlashda ham oʻzining fidoyiligi bilan harbiy qism qoʻmondonligiga yaqindan yordam berayotir.
Shu boisdan, faoliyati davomida ijobiy natijalarga erishib kelayotgan kapitan Xumoyun Mahmatqulovning ona yurtimiz osoyishtaligi yoʻlidagi mashaqqatli xizmatlari rahbariyat tomonidan ham munosib baholanib, koʻplab marotaba ragʻbatlantirib kelinyapti.
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
