Katta serjant Nuriddin Solihov ona yurtimiz osoyishtaligi yoʻlida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan xodimlardan biri. U 1986 yilning 9 noyabr kuni poytaxtimizning Mirobod tumanida tavallud topgan. 2005 yilda Toshkent avtomobil yoʻllari kollejini, joriy yilda esa, IIV Akademiyasini muvaffaqiyatli tamomladi.

Ilk xizmat faoliyatini 2007 yili hozirgi IIV Jazoni ijro etish departamenti Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati kantselyariya boshligʻi lavozimida boshlagan bu yigit oʻtgan davr mobaynida ustozlarining yordami bilan soha sir-asrorlarini mukammal egallab, endilikda Toshkent shahar Mirobod tumani IIOFMB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi katta inspektori lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari, oʻzining uddaburonligi va tashabbuskorligi bilan berilgan topshiriqlarni ham oʻz vaqtida fidoyilik bilan ado etib, barchaga namuna boʻlib kelyapti.

Shuningdek u yosh xodimlarni ona Vatanga sadoqat va mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash hamda xizmat intizomini mustahkamlashda ham oʻzining jonkuyarligi bilan boʻlim rahbariyatiga yaqindan yordam berib kelayotir.

Shu boisdan, faoliyati davomida koʻplab marotaba ragʻbatlantirilib kelinayotgan katta serjant Nuriddin Solihovning ona Vatanimiz osoyishtaligi yoʻlidagi mashaqqatli xizmatlari rahbariyat eʼtiboridan ham munosib joy olmoqda.

Mixli SAFAROV,

“Postda” muxbiri.