Podpolkovnik Musayev Obid Zakirovich 1978 yili Toshkent viloyatida tugʻilgan. 2002 yilda hozirgi Milliy gvardiya Harbiy-texnik institutini muvaffaqiyatli tamomlaydi.

Ilk xizmat faoliyatini 2002 yilda mazkur taʼlim muassasasining oʻsha paytdagi Jazoni ijro etish fakultetida guruh komandiri lavozimida boshlagan yosh harbiy xizmatchi kasb sirlarini puxta egallab, keyinchalik, Qashqadaryo viloyatidagi Qorovul qoʻshinlariga qarashli 7533-harbiy qism vzvod komandiri, soʻngra, Navoiy viloyatidagi 7532-harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimigacha faoliyat koʻrsatdi.

Hozirda esa, IIV Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligi Axloqiy-ruhiy taʼminotni taʼminlashni tashkillashtirish boʻlimi boshligʻi lavozimida samarali xizmat qilayotgan lavhamiz qahramoni harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va harbiy intizomni mustahkamlash bilan birgalikda, shaxsiy tarkibning maʼnaviy salohiyatini oshirishda ham oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda.

Faoliyati davomida ijobiy natijalarga erishib kelayotgan O. Musayevning xizmatlari rahbariyat tomonidan ham ijobiy baholanib, bir necha marotaba ragʻbatlantirilgan.

Shu boisdan, podpolkovnik Obid Musayevning ona yurtimiz osoyishtaligi yoʻlidagi mashaqqatli xizmatida ulkan muvaffaqiyatlar tilab, kelgusi faoliyatida bundan-da, yuqori marralarni zabt etishini tilab qolamiz!

Mixli SAFAROV,

“Postda” muxbiri.