Safdor Odiljon Quvondiqov 1994 yilda Navoiy viloyatining Karmana tumanida tugʻilgan. 2017 yildan buyon Navoiy viloyati IIB PPX va JTSB Patrulʼ-post xizmati batalʼonida faoliyat yuritib kelmoqda. U viloyat miqyosida oʻtkaziladigan ijtimoiy-siyosiy, ommaviy-madaniy tadbirlar, sport musobaqalari chogʻida xavfsizlikni, jamoat tartibini taʼminlashga munosib hissa qoʻshyapti.
O. Quvondiqov joriy yilning oʻtgan davri davomida jamoat joylarida sodir etilgan 7 ta jinoyatni ochishda faol ishtirok etdi. Jumladan, Navoiy shahri hududidagi 8 ta savdo doʻkonida oʻgʻirlik sodir etishda gumon qilingan N.K.ga nisbatan qidiruv eʼlon qilingan edi. U navbatdagi oʻgʻirlik jinoyatining rejasini tuzayotgan vaqtda jinoiy sheriklari bilan birga qoʻlga olindi. Ushbu tadbirda lavhamiz qahramoni jonbozlik koʻrsatdi.
Odiljon ota-onasining kenja oʻgʻli, shiringina qizaloqning mehribon otasi. Kasbdoshlari uni oʻz vazifasini hamisha sidqidildan, masʼuliyatni chuqur his qilib ado etishi uchun hurmat qilishadi. Uning hayotdagi shiori: “Halol xizmat qilgan fidoyi insonlar hech qachon kam boʻlmaydi”.
Mahliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.
