Katta leytenant Meliboev Bekzod Ilhom oʻgʻli 1990 yili Jizzax shahrida tugʻilgan. 2017 yilda hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetini muvaffaqiyatli tamomlaydi.
Ilk xizmat faoliyatini 2017 yili IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Navoiy viloyatida joylashgan 7532-harbiy qism vzvod komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimida boshlagan yosh harbiy xizmatchi ustozlaridan kasb sir-asrorlarini mukammal egallab, hozirda poytaxtimizdagi 7531-harbiy qism batalʼon komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimida samarali xizmat qilib kelmoqda.
Bundan tashqari, qobiliyati va harakatchanligi bilan barchaga namuna boʻlib kelayotgan tinib-tinchimas bu yigit oʻziga berilgan topshiriqlarni ham jonkuyarlik bilan ado etayotir. Shu bilan birga, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirishda ham oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda.
Bundan tashqari, yosh harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va harbiy intizomni mustahkamlashda ham qism qoʻmondonligiga yaqindan yordam berayotir.
Shu sababli, faoliyati davomida ijobiy natijalarga erishib kelayotgan katta leytenant Bekzod Meliboevning ona Vatanimiz osoyishtaligi yoʻlidagi mashaqqatli xizmatlari rahbariyat tomonidan ham munosib baholanib, koʻplab marotaba ragʻbatlantirib kelinyapti.
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.
