Forish tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi tayanch punktlari profilaktika katta inspektori, kapitan Oybek Oʻrishov 1989 yilda Jizzax shahrida tugʻilgan. U ichki ishlar organlaridagi faoliyatini 2014 yilda boshladi. Egallab turgan lavozimida 2020 yildan buyon xizmat qilmoqda. 2021 yilda kapitan 100 dan oshiq huquqbuzarlikni aniqlab, bir qancha jinoyatlarni fosh qildi.

Chunonchi, hamkasbi bilan tungi xizmatni oʻtayotgan Oybek Oʻrishov soat 22:30 lar atrofida “Xonbandi” mahalla fuqarolar yigʻini hududida 2 nafar shaxsning qoramol yetaklab ketayotganligini koʻrib qoldi.

Ushbu fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritish jarayonida ular qarovsiz qolgan qoramolni oʻgʻirlab ketayotgani oydinlashdi. Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida ushbu shaxslar 6 kishilik jinoiy guruh aʼzolari ekanliklari aniqlandi.

Chunonchi, Sharof Rashidov tumanining Hamid Olimjon nomidagi va Uchtepa, Ravalliq mahallalarida yashovchi 4 nafar hamda Forish tumanining Xonbandi mahallasida yashovchi 2 nafar fuqaro 2021 yilning 25 noyabridan 15 dekabriga qadar 6 ta oʻgʻirlikka qoʻl urishgan. Ular Sharof Rashidov tumanining Toqchilik, Hamid Olimjon, Uchtepa, Ravalliq hamda Forish tumanining Xonbandi mahallalari hududida yashovchi aholiga tegishli qoramollar va qoʻylarni oʻgʻirlab, sotib yuborishgan. Ashyoviy dalillar sifatida 5 bosh qoramol va 4 bosh qoʻy hujjatlashtirib olingan. Xullas, kapitan Oybek Oʻrishovning sergakligi natijasida jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.

Bu xizmati uchun profilaktika katta inspektori Jizzax viloyati IIB tomonidan ragʻbatlantirildi.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Postda” muxbiri.

Jizzax viloyati.