Katta leytenant Hojiakbar Pirnazarov 1987 yilda Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanida tugʻilgan. 2014 yilda Jizzax davlat pedagogika institutini tamomladi. 2017 yilda Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi serjantlar tarkibini tayyorlash boʻyicha oliy kursini bitirdi va sohadagi faoliyatini Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani IIB 6-sonli ichki ishlar boʻlinmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektori lavozimida boshladi. U ayni vaqtda ham huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimida faoliyat koʻrsatmoqda.
Hojiakbar Pirnazarov masʼuliyatli, ishchan va samimiy xodim sifatida shaxsiy tarkib hurmatini qozongan. U mahalla fuqarolar yigʻini hamda jamoatchilik faollari bilan uzviy hamkorlikni taʼminlay oldi. Bu esa katta leytenantning huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishida omil boʻlmoqda.
Chunonchi, 2020 yilda uning xizmat hududida jinoyat qayd etilmadi. Bu davrda u 104 nafar fuqaroning murojaatini koʻrib chiqdi. Shuningdek, 115 ta maʼmuriy huquqbuzarlikni aniqlab, 21 nafar shaxsni profilaktik hisobga qoʻydi.
Katta leytenant 2020 yili pandemiya sharoitida fuqarolarning karantin qoidalariga amal qilishini qatʼiy nazoratga oldi. Shuningdek, mahalla faollari bilan birgalikda ehtiyojmand oilalarga samarali yordam koʻrsatilishiga erishdi. Uning tashabbusi bilan 20 dan oshiq oilaga doimiy ravishda ijtimoiy koʻmak berildi.
Joriy yilning oʻtgan davrida u fuqarolarning 44 ta murojaatini oʻrganib chiqdi. 45 ta maʼmuriy huquqbuzarlikni aniqladi. 12 kishini profilaktik hisobga qoʻydi. Qolaversa, 2021 yilning 2 aprelʼ kuni uning sergakligi tufayli jinoyat fosh etildi. U Gʻallaorol tumani «Koʻkbuloq» qishloq fuqarolar yigʻini hududidagi mol bozorida oʻzini shubhali tutayotgan, mol oʻgʻirlab sotayotgan shaxsni qoʻlga oldi.
Oʻzini oʻzi boshqarish organlari faollari bilan birga aholi oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan targʻibot tadbirlarini muntazam oʻtkazib kelayotgan Hojiakbar Pirnazarov har jabhada yosh hamkasblarga oʻrnak boʻlmoqda.
Oʻtkir NIZOMOV,
Jizzax viloyati IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasining muhim topshiriqlar boʻyicha inspektori,
katta leytenant.
