Izzat Mirzaev 1989 yilda Romitan tumanining Bogʻisaydon mahallasida tugʻilgan. U Buxoro davlat universitetining tarix fakulʼtetini tugatgach, uch yil oʻzi tugʻilgan tumandagi 22-umumtaʼlim maktabida huquqshunoslik fanidan oʻquvchilarga saboq berdi. Ichki ishlar organlaridagi faoliyatini Buxoro shahar IIOFMBda profilaktika inspektori lavozimida boshladi. 2020 yil 30 dekabrdan buyon 2-sonli IIB HPB profilaktika katta inspektori lavozimida samarali faoliyat koʻrsatib kelyapti.
Katta leytenant I. Mirzaev shahar markazida joylashgan “Bihishtiyon” mahalla fuqarolar yigʻinining 2340 nafar aholisiga kamarbasta boʻlib, ularning tinch-totuv va farovon yashashlarini taʼminlashda qoʻldan kelgancha xizmatini ayamayapti. Shu bois ham mahallada oʻtgan oylar davomida jinoyat va huquqbuzarlik holatlari sodir etilmadi.
Hududda tinch-totuvlikni taʼminlashda mahalla faollari, jamoatchilik, koʻpni koʻrgan oqsoqolu onaxonlar bilan hamjihatlikda ishlar olib borilyapti. Ayniqsa, ularning pandu nasihatlari oila turmush doirasidagi muammolar yechimida qoʻl kelyapti.
Joriy yilning 3 may kuni taxminan soat 10:00. larda Buxoro shahar Fayzulla Xoʻjaev nomli mahallada yashovchi, 51 yoshli ayol turli ichki kechinmalar taʼsirida, ruhiyatida kelib chiqqan oʻzgarishlar sababli, shaharning Ibrohim Moʻminov koʻchasida joylashgan sakkiz qavatli qurilishi tugallanmagan binoning 8-qavatidan oʻzini pastga tashlab joniga qasd qilmoqchi boʻlganda, voqea joyiga tezkorlik bilan yetib kelgan katta leytenant I. Mirzaev u bilan psixologik tushuntirish va muzokara ishlarini olib bordi. Osoyishtalik posbonining oʻz vaqtida koʻrgan kechiktirib boʻlmas chora-tadbirlari natijasida ushbu noxush yakun topishi mumkin boʻlgan holatning oldi olindi hamda ayolning hayoti qutqarib qolindi.
Ayolga shahar IIOFMB xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha boʻlimi, psixologlar guruhi psixolog xodimlari va boshqa mutasaddi idoralar masʼullari tomonidan tibbiy-psixologik yordam koʻrsatildi. Ayni paytda voqea sabablari oʻrganilmoqda.
Qisqasi, lavhamiz qahramoni oʻz kasbini sevadi, zimmasidagi vazifalarni sidqidildan bajaradi. Shuning uchun ham hamkasblarining hurmatini qozongan va undan oʻrnak olishga harakat qilib kelishmoqda.
Mirzoqul AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
