Qahramonimiz 1989 yilda Jazzax viloyati Baxmal tumanida tugʻilgan. Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 2009 yilda Jizzax shahar IIB axloq tuzatish ishlari yoʻnalishida boshlagan. Ayni paytda u Jizzax viloyati IIB PPX va JTSB Kinologiya xizmati faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimida guruh komandiri. Shu bilan birga, IIV Akademiyasining Sirtqi taʼlim fakultetida tahsil olyapti.

Husan Boʻriboev xizmat faoliyati davomida toʻrt oyoqli yordamchisi bilan bir qancha huquqbuzarliklarning oldini olishda, jinoyatlarni fosh etishda jonbozlik koʻrsatib kelmoqda.

Xususan, yaqinda katta serjant Husan Boʻriboev Jizzax shahrining Yangier koʻchasida oʻziga biriktirilgan “Betxoven” laqabli xizmat iti bilan tadbirda ishtirok etayotganida nomaʼlum shaxsning xatti-harakati uning diqqatini tortdi. Nomaʼlum shaxs yon-atrofga shubhali qaragancha, oldiga yaqinlashgan kishiga nimadir uzatdi. Shu damda osoyishtalik posbonlari voqea joyida hozir boʻlib, “Madaniyat” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi, hech qaerda ishlamaydigan Oʻ. M.ning “shartli xaridor”ga nimani uzatganiga oydinlik kiritishdi. Buni qarangki, fuqaro Oʻ. M. xaridorga uzatgan gugurt qutisidagi oʻtkir hidli modda marixuana giyohvandlik moddasi boʻlib chiqdi. Uni 500 ming soʻmga sotishni niyat qilgan ekan.

Katta serjant Husan Boʻriboev xizmat iti bilan uning oldiga yaqinlashganda “Betxoven” bezovtalanib, gumon qilinuvchi shaxs tomon talpina boshladi. Xolislar ishtirokida Oʻ.M.ning kiyimlari koʻzdan kechirilganida uning yonida sotish uchun moʻlajallangan yana 3,73 gramm marixuana borligi ayon boʻldi.

Xullas, katta serjant Husan Boʻriboev jamoada oʻz oʻrniga ega boʻlgan, fidoyi xodimlardan biridir.

Foziljon MAMAShARIPOV,

“Postda” muxbiri.

Jizzax viloyati.