Qahramonimiz 1987-yilda Qoʻqon shahrida tugʻilgan. Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 2007-yilda boshlagan.

Ayni paytda Fargʻona viloyati IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi birinchi tumanlararo roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish boʻlinmasi katta inspektori vazifasida xizmat qiladi.

Islom Umarov oʻz ishiga sidqidildan yondashadigan, masʼuliyatli, tajribali va sinchkov xodimlardan biri hisoblanadi. Undagi bu xislatlar xizmat jarayonida juda asqotmoqda. Yaqinda uning xushyorligi va sinchkovligi tufayli qidiruvdagi shaxs qoʻlga olindi.

Muqaddam Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyat sodir etganligi uchun Qoʻqon shahar IIB tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda qidiruvda boʻlgan fuqaro U.J. 2021-yil 11-sentyabr kuni viloyat IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi birinchi tumanlararo roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish boʻlinmasiga haydovchilik guvohnomasini olish uchun keladi.

Oʻzaro muloqot chogʻida ushbu shaxs katta serjant Islom Umarovda shubha uygʻotadi. Shundan soʻng katta inspektor maʼlumotlar bazasidan U.J. shaxsiga doir maʼlumotlarni tekshirib koʻradi. Natijada uning tergovdan qochib yashirinib yurganligi, hozirda qiduruvda ekanligi muʼlum boʻladi.

Katta serjant I. Umarov va tezkor xizmat xodimlarining say-harakati bilan ushbu shaxs qoʻlga olindi.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.