Sariosiyo tumanida 61 ta mahalla bor. Ularda 104 172 nafar xotin-qiz istiqomat qiladi. Raqamlardan koʻrinib turibdiki, tuman IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorga ular bilan ishlash, ayollarning muammolarini oʻrganish, xonadonlarda yurishning oʻzi boʻlmaydi. Tuman IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, leytenant Nasiba Majitova yosh xodim boʻlishiga qaramay, bu mushkul vazifani uddalayapti.

Tumanda “Ayollar daftari”ga 1102 nafar xotin-qizning roʻyxati kiritilgan boʻlib, joriy yil davomida 3-sektor hududidagi xotin-qizlarning 6 nafariga tadbirkorlik qilishi uchun imtiyozli kredit olib berildi. 15 nafari esa kasb-hunarga oʻqitildi. 12 nafari tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, bepul dori-darmon vositalari bilan taʼminlandi. Yana 38 nafar xotin-qizga moddiy yordam koʻrsatildi.

Bu amaliy ishlarda qahramonimizning saʼy-harakatlari bor. Qolaversa, uning yordami bilan oʻtgan uch oy ichida 20 ta ajrim yoqasida turgan oila yarashtirildi. Nizoli oilalarda yashovchi 62 nafar ayolga himoya orderi berilib, bu oilalarda tinchlik oʻrnatildi. 

Nasiba Majitova oʻz xizmat vazifasiga masʼuliyat his qilgan holda yondashayotganini mana shu natijalardan ham sezish qiyin emas. Shuningdek, qahramonimiz xonadonlar bilan ham yaqin aloqa oʻrnatib, muntazam ravishda nizoli oilalarda profilaktik suhbatlar olib bormoqda. Gʻayratli yosh xodimaning bundan keyingi faoliyatida ham ijobiy natijalarga erishishini istaymiz.

Feruza RAHMONQULOVA, 

“Postda” muxbiri.

Surxondaryo viloyati.