Katta leytenant Sardor Maxsatullaev 1991 yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tavallud topgan. 2016 yilda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining huquqshunoslik fakulʼtetini tamomlagan. Ichki ishlar organlaridagi faoliyatini 2017 yilda Chilonzor tumani IIB Tergov boʻlimi tergovchisi lavozimidan boshlagan. Hozirda Chilonzor tumani IIOFMB 1-sonli IIB TB boshligʻi lavozimida xizmat qilib kelmoqda.  

Kelajakda oʻz oldiga yuksak marralarni qoʻygan xodim 2020 yilda Oʻzbekiston Respublikasi huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutida ham tahsil oldi. U xizmat faoliyatini davom ettirar ekan, oʻz ustida ishlab, izlanib, ustozlaridan kasb sirlari puxta oʻzlashtirib, qator yutuqlarga ham erishib kelmoqda. 

Jumladan, poytaxt hududida jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha oʻtkazilayotgan tadbirlarda xizmat vazifasiga masʼuliyat bilan yondashganligi uchun rahbariyat tomonidan bir necha marotaba faxriy yorliq hamda pul mukofotlari bilan taqdirlangan.

Faoliyati davomida koʻplab jinoyat ishlarini puxta va sinchkovlik bilan tergov qilgan. Jumladan, u 1981 yilda tugʻilgan E.Sh.ning giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish jinoyatini tergov qilmoqda. Yaʼni tuman miqyosida oʻtkazilgan maxsus tadbir davomida E.Sh.ning oq rangli “Neksiya-2” rusumli avtoulovidan polietilen paketga oʻralgan goʻsht mahsuloti ichiga yashirib qoʻyilgan, sotish uchun moʻljallangan jigar rangli oʻtkir hidli mazsimon moddalar borligi aniqlangan.

Toshkent shahar IIBB EKM tomonidan oʻtkazilgan sudga oid kimyoviy ekspertizasining xulosasiga koʻra, ushbu modda tarkibida opiy guruhiga mansub boʻlgan giyohvand alkaloid-morfin mavjud boʻlib, uning ogʻirligi 100,62 grammga tengligi maʼlum boʻlgan. 

Katta leytenant S. Maxsatullaev ushbu jinoyat ishini puxta oʻrganib, tergov harakatlarini davom ettirmoqda. 

Sarvar SOBIROV,

“Postda” muxbiri.