Podpolkovnik Ahmadjon Nurmatov 1966 yilda Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanida tugʻilgan. Jizzax davlat pedagogika institutini tamomlagan. Sohadagi faoliyatini 1991 yilda Jizzax shahar ichki ishlar boʻlimida ekspert-kriminalistika guruhi eksperti lavozimida boshlagan. Shundan buyon mazkur tizimda faoliyat koʻrsatmoqda. Ayni vaqtda Jizzax shahar IIOFMB ekspert-kriminalistika boʻlinmasining boshligʻi.
Ahmadjon Nurmatov Jizzax viloyati ichki ishlar organlari ekspert-kriminalistlari orasida eng yaxshilaridan biri sanaladi. Samimiy, kamtarin va masʼuliyatli bu inson shaxsiy tarkibda katta hurmat qozongan. U daktiloskopik, trasologik, portret hamda sovuq qurollar ekspertizalarini oʻtkazish ruxsatnomalariga ega. 2020 yilda jinoyatlarga oid 397 ta tadqiqotlar oʻtkazgan. Bundan tashqari, 5920 ta tezkor qidiruv, 411 ta voqea joylarini koʻzdan kechirish hamda 348 ta tergov harakatlarida qatnashdi va shaxsan uning saʼy-harakati bilan 5 ta jinoyat fosh qilindi.
2021 yilning oʻtgan davrida esa 150 dan ortiq tekshirish tadqiqotlari oʻtkazdi. Bu vaqtda 181 ta tezkor qidiruv, 110 ta voqea joyni koʻzdan kechirish va 81 ta tergov harakatlarida qatnashdi va bir qator jinoyatlarni ochishga muvaffaq boʻldi. Jumladan, 2021 yilning 16 martida Jizzax shahrining Oqqoʻrgʻonlik mahallasida sodir etilgan bosqinchilikni fosh qildi.
Jinoyatchilar xonadonda boʻlgan 2 kishini qattiq jismlar bilan kaltaklab, ogʻir jarohatlar yetkazishgan. Ular uydagi seyfning eshigini buzib, 60 million soʻm va 20 ming AQSh dollarini olib ketishdi. Tergov-tezkor guruhi tarkibida voqea joyini koʻzdan kechirgan podpolkovnik Ahmadjon Nurmatov bir qancha barmoq izlari nusxasini oldi. Bu izlarning qariyb hammasi xonadon egalariga tegishli boʻlib chiqdi. Faqat bitta barmoq izining kimga tegishli ekanligi nomaʼlum edi.
Uzoq davom etgan daktiloskopik taqqoslash nihoyat oʻz natijasini berdi. Iz Sharof Rashidov tumani Ravalliq mahallasida yashovchi E.M.ga tegishli boʻlib chiqdi. Shu asosda jinoyatchilarning shaxsiga aniqlik kiritildi va ular tezda qoʻlga olindi.
Podpolkovnik Ahmadjon Nurmatov xizmat faoliyati davomida 36 marotaba ragʻbatlantirilgan.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Rostda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
