Alijon 1984 yilda Gʻijduvon tumanida tugʻilgan. Buxoro avtomobil-yoʻllar texnikumini tamomlagan. Ilk xizmat faoliyatini Gʻijduvon tumani IIB Vaqtinchalik saqlash hisbxonasi navbatchisi lavozimida boshlagan. Keyinchalik tuman IIB Jamoat tartibini saqlash boʻlimi kichik inspektori lavozimiga oʻtkazilib, ancha yil samarali xizmat qildi. 2021 yil yanvar oyidan esa tuman IIB 3-sonli IIB Taʼminlash boʻlinmalari xodimi vazifasida xizmat qilib kelmoqda.
Safdor A. Ibodov oʻn olti yildirki, gʻijduvonliklarning xavfsizligini taʼminlashda, shuningdek, sodir etilishi mumkin boʻlgan bezorilik, talonchilik, oʻgʻrilik jinoyatlarining oldini olishda jonbozlik qilyapti. Ayniqsa, mavsumiy tadbirlarda faolligi yaqqol koʻzga tashlanadi. Shu bois ham har yili tuman va viloyat IIB rahbariyati, qolaversa, IIV tomonidan ragʻbatlantirilmoqda. Jumladan, 2016 yilda “Aʼlo xizmatlari uchun” koʻkrak nishoniga, joriy yilning sentabrida esa “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 30 yil” esdalik nishoniga sazovor boʻldi.
A. Ibodov yoshlarga kasb sirlarini oʻrgatishga ham alohida eʼtibor qaratgan. Koʻpchilik yoshlar xizmat vazifalarini va IIV meyoʻriy hujjatlarini oʻzlashtirishda uning nasihatu yoʻl-yoʻriqlaridan bahramand boʻlishyapti. Ular tanlagan kasbini chuqur oʻzlashtirish bilan birga, mamlakatimizda qabul qilinayotgan qonunlarni puxta bilishi, ushbu hujjatlar talablarini fuqarolar ongiga chuqur singdirib borishi bilan xalq orasida obroʻ-eʼtibor, izzat-hurmat qozonmoqda. Bu ham ustozlarining sharofatidandir. Ayni paytda ular ham safdor Alijon Ibodovni ustozim deb taʼriflashadi.
Ha, Alijondek irodali, bilimli, dovyurak, jasoratli xodim bilan xaqli ravishda faxrlansak arziydi.
Mirzoqul AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
