Leytenant Sherzod Saidmurodov Sardoba tumanida tugʻilgan. Kasb-hunar kollejini tugatgach, 2017 yilda IIV Akademiyasiga oʻqishga qabul qilindi. 2020 yildan Sirdaryo viloyati IIB Yangier shahar IIB XPB katta inspektori vazifasiga tayinlandi.
Sherzod Saidmurodov ushbu vazifada xizmat qilar ekan shahardagi barcha profilaktika inspektorlarining faoliyatini muvofiqlashtirish, olib borilayotgan profilaktik, tezkor-qidiruv ishlarini umumlashtirish, tahlil qilish borasida alohida oʻrnak koʻrsatib kelmoqda. Ayniqsa, uning vaziyatni tezkorlik bilan tahlil qila olishi huquqbazarliklarning oldini olish, jinoyatlarni tezkorlik bilan ochilishida qoʻl kelmoqda. Uning saʼy-harakati bilan shahardagi oʻnga yaqin jinoyat issiq izidan ochilishiga erishildi.
Bunda u tomonidan hududlardagi kriminogen vaziyatning oldindan tahlil qilinishi, notinch oilalar monitoringi olish borilishi, profilaktik hisobda turgan shaxslar bilan ishlash tizimi samaradorligining oshirilishi, jinoyatga moyil shaxslar bilan ishlash tizimi yoʻlga qoʻyilganligi alohida ahamiyatga ega boʻldi. Ayniqsa, oʻgʻirlik, firibgarlik jinoyatlarining ochilishida ushbu tajriba qoʻl kelmoqda. Mahallalar, aholi gavjum joylarga videokuzatuv moslamalarining oʻrnatilishida ham alohida tashabbus koʻrsatdi.
Koronovirus pandemiyasi sharoitida epidemiya zanjirini uzish maqsadida lokdoun joriy etilishi, karantin qoidalariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlashga katta hissa qoʻshdi. Ijtimoiy obʼektlar, toʻyxona, kafe va restoranlarda karantin qoidalari oʻrnatilishiga masʼul etib tayinlanib, kecha-yu-kunduz faoliyat yuritdi. Ayniqsa, taʼlim dargohlarida ijtimoiy masofani saqlash, bolajonlarning sogʻligini saqlashga katta eʼtibor qaratdi. Shu sababli, Yangier shahridagi oʻndan ortiq umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari oʻrtasida kasallikka chalinish holati aniqlanmadi.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV,
“Postda” muxbiri.
Sirdaryo viloyati.
