Serjant Oʻktamjon Nematov safdor M. Kamolov bilan kechki payt oʻz hududi boʻlgan Buxoro shahridagi Mirdoʻstim koʻchasidan oʻtib ketishayotganida yoshi oʻttizlarga borgan shaxsning xatti-harakati eʼtiborini tortdi. Uning ikkilanishi shubhani yanada orttirdi. Xolislar ishtirokida shubhali shaxsning choʻntaklari tekshirilganda, gugurt qutisiga solingan oʻtkir hidli oʻsimlik moddasi chiqdi. 

Serjant Oʻ. Nematov uni tegishli tartibda Buxoro shahar IIOFMBning ekspertiza boʻlimiga yubordi. Mutaxassislarning xulosasiga koʻra, giyohvandlik moddasining sof vazni 4,12 gramm ekanligi aniqlandi. Shu tariqa, osoyishtalik posbonining hushyorligi va zehni oʻtkirligi tufayli koʻplab jinoyatu huquqbuzarlarning oldi olindi. 

Oʻktamjon ichki ishlar organlaridagi yigirma toʻrt yillik xizmat faoliyati davomida koʻplab ana shunday hushyorlik namunalarini namoyon etib, samarali faoliyat koʻrsatib kelyapti. U nafaqat viloyat IIB PPX va JTSB patrulʼ-post xizmati batalʼoni shaxsiy tarkibi, balki viloyat IIB rahbariyati eʼtiboriga ham tushgan.

Serjant Oʻ. Nematov 1977 yilda Buxoro shahrida tugʻilgan. 1997 yili Buxoro avtomobilʼ va yoʻllar kollejini tugatib, Buxoro shahar IIB huzuridagi qoʻriqlash boʻlimida safdor xodimlikdan xizmat faoliyatini boshladi. U tajribali ustozlaridan kasbning sir-asrorlarini puxta oʻzlashtirib, malakasini yil sayin oshirib bordi. Shu bois ham koʻp oʻtmay uni jamoat tartibini saqlash xizmatiga oʻtkazishdi. Hozirda patrulʼ-post xizmati batalʼonining saf boʻlinmalari uchinchi otryad boʻlinma komandiri lavozimida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

– Oʻktamjonning zehni juda oʻtkir. U topshiriqlarni doimo oʻz vaqtida va bekamu koʻst ado etadi, – deydi uchinchi otryad komandiri, mayor H. Fayziev. –Joriy yilning oʻtgan davrida shaxsan oʻzi bir necha jinoyat hamda mayda bezorilik va tashmachilik holatlarini aniqlab, rahbariyat tomonidan ragʻbatlantirildi.

Serjant Oʻ. Nematov jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish borasida samarali faoliyat koʻrsatib, hududidagi tashkilot, korxona, oʻquv dargohlarini doimiy ravishda oʻrganib, huquqbuzarlik sodir qilishga moyil shaxslar bilan alohida profilaktik suhbatlar oʻtkazib kelyapti. Bundan tashqari, mahalla raislari, profilaktika inspektorlari bilan birgalikda hududdagi obodonlashtirish ishlarida ham faol ishtirok etib, fuqarolarning xodimga nisbatan ijobiy fikrga ega boʻlishlariga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. 

Lavhamiz qahramoni Ichki ishlar vazirligi hamda viloyat IIB tomonidan bir necha bor munosib taqdirlangan. Xususan, 2009 yili “Aʼlo xizmatlari uchun” va 2020 yili III darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari bilan mukofotlandi. 

Mirzoqul AHADOV,

“Postda” muxbiri.

Buxoro viloyati.