Leytenant Ulugʻbek Toyirov 1992 yilda Qashqadaryo viloyatida tavallud topgan. 2015 yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetini, 2019 yilda esa IIV Akademiyasi kasbiy tayyorgarlik fakulʼtetini tamomlagan.
Ichki ishlar organlaridagi faoliyatini Toshkent shahar IIBB PPX brigadasi 3-batalʼon 6-otryad guruh komandirligidan boshlagan. Hozirda 6-otryad komandirining oʻrinbosari lavozimida xizmat qilib kelmoqda.
U oʻzi faoliyat olib borayotgan otryad xodimlari bilan muntazam ravishda yanada samarali xizmat olib borish yuzasidan tushuntirish ishlarini olib boradi. Fuqarolar bilan xushmuomala boʻlish va huquqbuzarlik hamda jinoyatchilikka qarshi murosasiz boʻlish lozimligini uqtiradi. Uning qoʻl ostidagi xodimlar oʻtgan 3 oy mobaynida 70 dan ortiq huquqbuzarni aniqlab, qonun hukmiga topshirdi, 5 dan ortiq jinoyatni “issiq izidan” ochishga muvaffaq boʻldi.
Xususan, uning oʻzi Yunusobod tumanida tungi xizmatga masʼul bulib tushgan kuni ham bir jinoyat oʻz vaqtida aniqlandi. Yaʼni taxminan tungi soat 03:00 larda tumandagi Xotira maydonida 6-otryad xodimlari shubhali koʻringan shaxsni toʻxtatishadi. Oʻzini 1987 yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan M.P. deb tanishtirgan fuqaro tekshirib koʻrilganda, uning yonidan kichkina grammli torozi va burunga sepadigan suyuqlik hamda soxtalashtirilgan 80 dona AQSh dollari borligi maʼlum boʻlgan. Shuningdek, u yana 21 dona koʻk rangli tasmaga oʻralgan oq rangli kukunsimon moddani yerga koʻmib qoʻyib, telegram orqali lokatsiya tashlab xaridorlarni chaqirib giyohvandlik moddasi savdosi bilan shugʻullanishini ham bildirgan. M.P.ga qonuniy chora koʻrish uchun tuman IIOFMBga olib kelib topshirilgan.
Sarvar SOBIROV,
“Postda” muxbiri.
